20:40 / 27.01.2020
5
8843
4 sotix yer 2 millionga ham, 120 millionga ham sotilishi mumkin – «E-ijro auksion»
Muhiddin Xo‘jayev

O‘tgan 2019 yilda «E-ijro auksion» orqali tadbirkorlik faoliyati uchun 5,4 mingdan ortiq, yakka tartibda uy-joy qurish uchun 500dan ortiq yer uchastkalari sotilgan.

Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazida o‘tkazilgan press-turda ma'lumot berildi.

Markaz direktori Muhiddin Xo‘jayevning ta'kidlashicha, oldin yer sotib olish juda murakkab jarayon sanalgan. Inson omili ta'siri tufayli uy-joy yoki tadbirkorlik uchun yer sotib olish qiyin bosqichlardan iborat bo‘lgan.

Hozir esa inson omili aralashuvisiz, yer sotib olish uchun talabgorlar onlayn tarzda markazda ro‘yxatdan o‘tadi va unga auksionda qatnashish uchun raqam beriladi.

«Qatnashuvchilarning anonim raqam berilishi bilan unga boshqa ishtirokchilar tomonidan turli bosimlar bo‘lmasligi ta'minlanadi. Jarayon shaffof bo‘lishiga yordam beradi», – deydi Muhiddin Xo‘jayev.

Uning aytishicha, boshlang‘ich narx belgilangani bilan mulkning keyingi taqdirini bozor belgilaydi.

«Masalan, 4 sotix yer uchastkasi uchun 1 million 203 so‘m boshlang‘ich narx sifatida belgilangan bo‘lsa, ba'zi holatlarda bu mulk 2 millionga, ba'zi holatlarda esa 120 millionga sotilishi mumkin. Bu mulkning qayerda joylashgani, elektr, gaz ta'minoti kabi turli omillar bilan bog‘liq bo‘ladi», – deya tushuntirdi markaz direktori.

Ta'kidlanishicha, mulkni sotib olgan jismoniy yoki yuridik shaxs 5 kun ichida mablag‘ni to‘lab, egalik huquqini beruvchi bayonnomaga ega bo‘ladi. Davlat aktivlarini sotib olgan taqdirda 3 yilgacha bo‘lgan muddatda to‘lovni amalga oshirishi mumkin.

Shuningdek, press-turda ochiqlangan ma'lumotlarga ko‘ra, yanvar oyining hozirgi sanasiga qadar 90 milliard so‘mga yaqin mol-mulk onlayn-auksion orqali sotilgan. Uning 30 milliard so‘mdan ko‘proq qismi mulk egasining o‘zi tomonidan taklif asosida savdoga qo‘yilgan.

«Mana shu raqamlarning o‘ziyoq odamlarning raqamli bozorga o‘rganishayotganlaridan dalolat beradi», – deya qo‘shimcha qildi Muhiddin Xo‘jayev.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top