10:34 / 27.01.2020
3
17137
AQSh, Fransiya va Yaponiya Uxandan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda

Yangi turdagi koronavirus tarqalayotgan Xitoyning Uxan shahri karantinga olinib, shaharga kirish va undan chiqish taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, qator mamlakatlar o‘z fuqarolarini u yerdan evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, AQSh, Fransiya va Yaponiya birinchilardan bo‘lib o‘z fuqarolarini epidemiya o‘chog‘idan olib chiqib ketmoqchi.

AQSh

Qo‘shma Shtatlar hukumati Uxandagi konsulxonasida ishlayotgan diplomatlar va ularning oila a'zolarini vatanga qaytarish rejasi ustida ishlamoqda. CNN o‘z manbasiga tayanib bergan xabarga ko‘ra, bu yerda 30ga yaqin amerikalik haqida gap ketyapti.

The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, evakuatsiya qaysi samolyotda amalga oshishi masalasi ochiq turibdi. «Ko‘proq yo‘lovchini sig‘dira oladigan Boeing-737 va kamroq sig‘imga ega Boeing-767 variantlari ko‘rib chiqilyapti. Ko‘p narsa Xitoy hukumati bizga nimani ruxsat berishiga bog‘liq», – degan WSJ manbasi.

Qayd etilishicha, konsullik Uxandagi amerikaliklarga murojaat bilan chiqib, xohlovchilarga samolyotdagi bo‘sh o‘rinlarda AQShga qaytishni taklif etgan. Bort ekipaj tarkibida shifokor ham bo‘lishi kutilyapti.

Fransiya

Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Anes Buzenning ma'lum qilishicha, mamlakatning 800 nafarga yaqin fuqarosi Uxanda yashamoqda. Ulardan xohish bildirganlari vatanga qaytarilib, 14 kun mobaynida karantinda saqlanadi.

«Xitoy tomoni bilan kelishuv asosida, Fransiya fuqarolari samolyotda Fransiyaga evakuatsiya qilinadi. Bu hafta o‘rtalariga mo‘ljallangan», – degan Buzendan iqtibos keltirdi Reuters.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, aeroportlarga o‘rnatilgan teplovizorlar – foydasiz. «Skanerlash xavfsizlik choralari ko‘rilayotgandek tasavvur uyg‘otadi, lekin aslida bu yo‘l bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi», dedi u. Ya'ni kasallik simptomlari keyinroq yuzaga chiqishi yoki oddiy aspirin yordamida tana haroratini tushirishga erishish mumkin.

Anes Buzen Fransiyada koronavirusga chalingani aniqlangan uch nafar bemor (ularning barchasi xitoyliklar)ni o‘z fikrlariga isbot sifatida keltirdi.

«Ularning uchalasida ham bu yerga kelishganida isitma yo‘q edi. Ularda kasallik alomatlari keyinroq yuzaga chiqqan», – dedi Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri.

Yaponiya

Kunchiqar yurt rasmiylari evakuatsiya sanasini ham aniq belgilab bo‘lishgan – 28 yanvar. NHK telekanali xabariga ko‘ra, Yaponiya TIV Uxanda ekani aytilayotgan 700dan ortiq yapon fuqarosining yarmidan ko‘pi bilan aloqaga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Avvalroq Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe yaponlarni Uxan shahridan zudlik bilan olib chiqib ketish imkoniyatlari ko‘rib chiqilayotganini aytgan edi.

Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi ham xitoylik hamkasbi Van I bilan telefon orqali suhbatda shu mavzuni muhokama qilgan. Motegi, shuningdek, infeksiya tarqalishiga qarshi kurashda Yaponiya Xitoyga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.

O‘zbekiston TIV: Diplomatik vakolatxonalar Uxandan o‘z fuqarolarini olib chiqib keta olmayapti

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda Uxanda taxminan 30 nafar O‘zbekiston fuqarosi bor. Shanba kuni vazirlik rahbari Abdulaziz Komilov ular vatanga qaytarilishi mumkinligini aytgan edi.

Oradan bir necha soat o‘tib, TIV xorijiy mamlakatlarning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari Uxandan o‘z fuqarolarini olib chiqib keta olmayotgani haqida bayonot berdi.

«Karantin e'lon qilinishi munosabati bilan, tegishli hokimiyat organlari Xitoyda akkreditatsiya qilingan xorijiy mamlakatlarning barcha diplomatik vakolatxonalariga chet el fuqarolarini karantin e'lon qilingan shaharlardan evakuatsiya qilish bo‘yicha rad javobini bermoqda. Karantin kiritilganidan so‘ng boshqa davlatning elchixonalari o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilgani to‘g‘risidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», – deyiladi O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi bildirishida.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top