08:01 / 27.01.2020
0
33218

Basketbol afsonasi Kobi Brayant halok bo‘ldi 

Foto: Getty Images

Milliy basketbol assotsiatsiyasining (MBA) afsonaviy o‘yinchisi Kobi Brayant Kaliforniyada shaxsiy vertolyotining qulashi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda TMZ Spors nashri xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, 41 yoshli basketbolchiga tegishli Sikorsky S-76 vertolyoti 26 yanvar kuni soat 10lar atrofida Kaliforniya janubidagi Kalabasas shahrida halokatga uchragan.

Vertolyotda Brayantdan tashqari yana 9 kishi, jumladan uning 13 yoshli qizi Janna Mariya, uning dugonasi otasi bilan birga bo‘lgan. Ularning barchasi halok bo‘lgan. Brayant qizi bilan mashg‘ulotga ketayotgan bo‘lgan. 

Foto: Stephen R. Sylvanie-USA TODAY Spors

Ta'kidlanishicha, voqea yuz bergan vaqtda halokat hududida tuman bo‘lgan. Guvohlarning ma'lum qilishicha, vertolyot halokatga uchrashi oldidan o‘z o‘qi atrofida aylana boshlagan. U qoyaga urilib, yonib ketgan.

Sobiq basketbolchi ushbu vertolyotdan ko‘p yillar davomida foydalangan. Jumladan, Brayant unda Nyuport-Bich shahridan “Leykers”ning o‘yinlariga qatnagan.

Aviahalokat sababi hozircha noma'lumligicha qolmoqda. Tergov davom etmoqda.

Basketbolchining ortidan uning rafiqasi Vanessa va yana uch qizi - Natalya, Byanka va yaqinda tug‘ilgan Kapri qoldi.

Basketbolchi vafoti munosabati bilan ko‘plab taniqli insonlar, siyosatchilar va sport tashkilotlari hamdardlik bildirdi. Ular orasida AQSh prezidenti Donald Tramp, sobiq prezident Barak Obama, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro basketbol federatsiyasi bor. 

“Ikki karra Olimpiya chempioni Kobi Brayant aviahalokatda halok bo‘ldi. Kobi Brayant tinch yot, sen doim bizning yuraklarda bo‘lasan”, deb aytilgan XOQ xabarida.

Kobe Bin Brayant MBAning sobiq o‘yinchisi bo‘lib, 20 mavsum davomida bir jamoa – “Los-Anjyeles Leykers” uchun o‘ynagan va uning tarkibida 5 marta MBA chempioni bo‘lgan. Sportchi shuningdek AQSh terma jamoasi safida 2008 va 2012 yillarda Olimpiada chempioni bo‘lgan.

Brayant MBA tarixidagi 4-raqamli eng sermahsul o‘yinchi hisoblanadi. U o‘z faoliyatida davomida 33643 ochko yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. U faoliyatini 2016 yil aprelda yakunlagan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top