16:12 / 27.01.2020
4
65426
Budjet tashkilotlari xodimlarining maoshi o‘sishi bo‘yicha prognoz e'lon qilindi

Joriy yil O‘zbekistonda budjet tashkilotlari xodimlarining maoshlari 14,4 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Taqqoslash uchun, 2019 yilda davlat sektoridagi maoshlar miqdori 39 foizga oshgan edi.

Bu haqda Markaziy bankning 2019 yil IV chorak yakunlari bo‘yicha hisobotida ma'lum qilingan.

Hisobotda aytilishicha, 2020 yilda ish haqlari miqdori va aholi nominal daromadlari avvalgi ikki yilda bo‘lgani kabi yuqori sur'atda o‘sishi kutilmayapti.

Yuqorida aytilganidek, 2019 yilda budjet sohasidagi ish haqlari miqdori 39 foizga oshgan. Aholi real daromadlari esa 7 foizga ko‘tarilgan.

«2019 yil yanvar-sentabr oylarida o‘rtacha ish haqining o‘sishi sanoat sohasida 22,9 foizgacha, qurilishda 23 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa, ko‘plab xizmat ko‘rsatish sohalarida, aksincha, tezlashishi kuzatilgan. Xususan, savdo sohasida o‘rtacha ish haqi 33,6 foizga, yashash va umumiy ovqatlanish sohasida – 39,7 foizga, bank va moliviy xizmatlarda – 36,5 foizga, ta'lim sohasida – 37,2 foizga, sog‘liqni saqlashda – 37,7 foizga oshdi.

Iqtisodiyotda talabning ortib borishi sharoitida xizmat ko‘rsatish sohasida ish haqining jadal o‘sishi rivojlanayotgan yoki o‘tish davri iqtisodiyotidagi mamlakatlarda ko‘p kuzatiladi», – deyiladi Markaziy bank izohida.

Manba: Davstatqo‘m ma'lumotlari asosida MB hisob-kitoblari

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida aytgandiki, 2020 yil davomida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top