12:38 / 27.01.2020
1
4297
Migratsiya agentligi: Davlat tomonidan ishga jo‘natilganlar patentni olgach ish joyidan ketib qolish holatlari kuzatilmoqda

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunovning aytishicha, Rossiyaga ishlashga tashkiliy ravishda jo‘natilganlar ko‘p hollarda patent olishganidan so‘ng boshqa joylarga ishga ketib qolishyapti.

«Rossiyaga ishlashga tashkiliy ravishda jo‘natilgan fuqarolarimiz ko‘p hollarda patent olganidan so‘ng o‘zlari yuborilgan joyda ishlamasdan boshqa joylarga ishga ketib qolishyapti. Shu sababli bir marta shunday holatga duch kelgan ish beruvchilar ikkinchi marta bizga murojaat qilmayapti.

Rossiyaga borgan fuqarolar to ishlash huquqini beruvchi patentni qo‘liga olmaguncha bir oy uyda o‘tirishi kerak, chunki ungacha rasman ishlash huquqiga ega emas. Ammo bu paytda ular bo‘sh o‘tirmaydi. Ish beruvchilar ularga ish o‘rganib, malaka oshirishiga sharoit yaratib beradi. Biroq patentni olgandan keyin ko‘pchilik bu yerdan qochib ketmoqda», deydi u.

Baxtiyor Tursunov

Baxtiyor Tursunovning ta'kidlashicha, xorijga ishga ketish istagida bo‘lgan, ammo malakasi va til bo‘yicha bilimlari ish beruvchi talab qilgan darajaga mos bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunar va til o‘rganishga yo‘naltirilmoqda, xarajatlar Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan qoplab berilmoqda.

«2019 yil holati bo‘yicha 4500 nafar nafar fuqaro Rossiyaga ishlashga tashkiliy ravishda jo‘natildi. O‘zlari mustaqil ravishda Rossiyaga ketayotganlar bilan solishtirsak, albatta, bu juda kam. O‘zlari ish topib yoki topmasdan tavakkal qilib, birovning taklifiga ko‘ra yoxud qayerdandir xabar topib ishga ketganlar soni juda katta miqdorni tashkil etadi. Ayni paytda tashkiliy tartibda ishga jo‘natiladigan fuqarolarning soni ko‘paytirishga bor kuchimizni tashlaganmiz.

Fuqarolarni tashkiliy ravishda jo‘natishda qanday qiyinchiliklarga duch kelyapmiz? Bizga murojaat qilgan ish beruvchilarning talablari bor. Ishga borayotgan shaxs rus tilini bilsin, qo‘lida kasb-hunari bo‘lsin deydi, yosh chegarasi bo‘lishi mumkin va hokazo. Shu talablarga to‘g‘ri keladigan fuqarolarimiz kelib tanlovdan o‘tishyapti, lekin aksariyat talabgorlar malakasi yetmagani sababli tashkiliy jo‘natishda ishtirok etolmayapti», deydi mutaxassis.

Uning qayd etishicha, Rossiyaga tashkiliy ravishda ishga yuborishni ko‘paytirish uchun har bitta viloyat hududida til va kasb o‘rgatish markazlari faoliyati rivojlantirilmoqda. Ayni paytda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga berilgan kollejlarni ta'mirlash va kerakli asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari ketmoqda.

Avvalroq 2019 yilda Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan 3323 nafar fuqaro davlat hisobidan O‘zbekistonga olib kelingani, 2019 yilda xorijda O‘zbekiston fuqarolari 1511ta jinoiy ish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgani, ayni paytda taxminan 300 ming nafar O‘zbekiston fuqarosining Rossiya hududiga kirishi taqiqlangani ma'lum qilingan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top