22:17 / 27.01.2020
0
11154
Prezident sog‘liqni saqlash sohasi va ilm-fan yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasini va ilm-fan yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi yillarda tibbiyot sohasining birlamchi, tez tibbiy va ixtisoslashgan yordam bo‘g‘inlarida muhim islohotlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 7 dekabrdagi farmoniga muvofiq, 2019-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Kasallikni profilaktika qilish uchun vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar xodimlari uyma-uy yurib, aholini patronaj bilan qamrab olishi, hududiy shifoxonalar bilan ma'lumot almashinuvi to‘liq yo‘lga qo‘yilishi zarurligi qayd etildi. Bunda tibbiy madaniyatni oshirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda tibbiyot tizimini ilg‘or xorijiy standartlar asosida tashkil etish, aholining sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishini yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

16 ta ixtisoslashgan markaz kasalliklar ko‘rsatkichini tahlil qilgan holda, ularning oldini olish choralarini ko‘rishi, o‘z faoliyatini hududlarda tashkil etib, birlamchi tizim bilan xamkorlikda ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu markazlarni yanada rivojlantirish uchun xususiy va xorijiy investitsiyalar yo‘naltirish muhimligi aytib o‘tildi.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatini yanada yaxshilash, tug‘ish yoshidagi ayollar tibbiy ko‘rigini tizimli tashkillashtirish, kasallikka chalinganlarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha aniq ish reja ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shu bilan birga, Toshkent shahri tez tibbiy yordam xizmati chaqiriqlarni avtomatik qabul qilish va ijro etish bo‘yicha to‘liq raqamlashtirildi hamda 150 ta maxsus “Ford” avtomobillari bilan ta'minlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu tizimni 2020-2021 yillarda respublikaning barcha hududlariga bosqichma-bosqich tatbiq etish, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatini kuchaytirish zarurligini ta'kidladi.

Tibbiyot muassasalarini ta'mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham e'tibor qaratildi. Investitsiya dasturiga muvofiq tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun joriy yilda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda sohadagi kadrlar ta'minoti, malakasi va salohiyati tanqid qilindi. Hozirda sog‘liqni saqlash tizimida 75 ming nafar vrach faoliyat yuritmoqda. 2 ming 900 ta umumamaliyot shifokori, 10 mingta tor mutaxassislar yetishmaydi. Ilmiy izlanish natijalarini hayotga joriy etish 5 foizdan ham oshmaydi.

Prezidentimiz mutaxassislarni davlat buyurtmasi asosida manzilli tayyorlash, maqsadli kvotalarni tuman, qishloq va ish joyi ko‘rsatilgan holda shakllantirish zarurligini ta'kidladi.

Tibbiyotda ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy izlanishlarning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ma'lumki, 2020 yil O‘zbekistonda Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yo‘nalishini rivojlantirish zarurligini ta'kidladi.

Xususan, joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yo‘nalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablag‘larini ajratish mexanizmi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Yig‘ilishda mutasaddilarga shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish, tub islohotlarni maktab ta'limidan boshlab ilmiy-tadqiqot muassasalarigacha qamrab olish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlatimiz rahbari fanning belgilangan sohalariga ham moddiy, ham ma'naviy e'tiborni kuchaytirish kerakligini alohida ta'kidladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top