16:24 / 27.01.2020
3
28463
Qirg‘iziston Xitoy bilan chegarasini yopdi
Foto: kabarlar.org

Qirg‘iziston Xitoy bilan chegarasini yopdi. Bu haqda hukumat yig‘ilishida mamlakat bosh vaziri Muhammedkaliy Abilgaziyev ma'lum qildi.

Uning ma'lum qilishicha, chegara 23 yanvar kunidan buyon yopiq. Bosh vazirning qayd etishicha, Xitoydagi yangi yil bayrami munosabati bilan Xitoy tomoni har yili chegarasini 23 yanvar kunidan yopib qo‘yadi, bu yil esa Qirg‘iziston ham o‘zi tomonidan chegarasini yopgan.

«Bugungi kunda chegarani kesib o‘tishga urinishlar yo‘q. Xususan, bu Torugart-Irkishtom nazorat-o‘tkazish punktiga ham taalluqli», — degan u.

Hukumat rahbari Qirg‘iziston koronavirus tarqalishining oldini olish uchun qator choralar ko‘rganini qayd etib o‘tgan.

Xususan, Qirg‘izistondagi barcha nazorat-o‘tkazish punktlarida, bu aviareyslarga tegishli bo‘ladimi, temir yo‘llarga yoki avtotransport yo‘llariga tegishli bo‘ladimi, barchasida qat'iy xavfsizlik choralari qo‘llangan.

«Biz teplovizorlar o‘rnatganmiz. Shuningdek sanitar punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan», — degan u.

Abilgaziyevning aniqlik kiritishicha, mamlakatdagi 22ta nazorat-o‘tkazish punktlarida sanitar punktlar ham tashkil etilgan.

«Chegarada qat'iy nazorat o‘rnatilgan», — deya qo‘shimcha qilgan u.
 
Bundan tashqari, bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, operativ shtab tuzilgan va uni bosh vazir o‘rinbosari Oltinoy O‘murbekova boshqarmoqda.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayev hozircha jahon olimlari koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqa olishmagani haqida ma'lumot berib o‘tgan.

«Koronavirusning inkubatsiya davri 14 kunni tashkil etadi. Bu virusning alohidaligi shundaki, u odamga yuqqanida faqat 14 kundan keyin aniqlash mumkin, bu vaqt ichida esa u yana bir boshqa odamga yuqishi mumkin», — degan u.

Cholponbayev Qirg‘izistonda xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ikkita laboratoriya mavjudligini qayd etgan. Bundan tashqari, shpritslar, antibiotiklar va niqoblar g‘amlab qo‘yilganini ma'lum qilgan.

«Masalan, bizdagi omborxonalarda 3,5 million niqob bor», — degan u.

Bundan avvalroq Qozog‘iston koronavirus sababli Xitoy uchun vizasiz rejimni to‘xtatgani xabar qilingandi.

Xitoyda 2019-nCoV koronavirusidan zararlanganlar soni 2 mingdan oshdi. O‘lim holatlari ham o‘smoqda - so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 80dan oshiq.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top