16:52 / 27.01.2020
1
60797
TIV Uxandan qaytgan o‘zbekistonlik talabalarga murojaat bilan chiqdi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Xavfli koronavirus o‘chog‘i bo‘lib qolayotgan Xitoyning Xubey provinsiyasida 166 nafar O‘zbekiston fuqarosi doimiy asosda yashaydi. Yanvar oyida provinsiyaga 14 nafar o‘zbekistonlik borgan.

Bu haqda Xitoy Immigratsiya boshqarmasi bergan dastlabki ma'lumotlarga asoslanib, O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi bosh konsulxonasi ma'lum qildi.

Bundan oldin Xubey provinsiyasi markazi – karantindagi Uxan shahrida yashovchi o‘zbeklar asosan talabalar ekani, ularning aksariyat qismi semestr yakunlangani tufayli vatanga qaytgani xabar qilingan edi. Endilikda ulardan shoshilinch ravishda mas'ullar bilan aloqaga chiqish so‘ralmoqda.

«26 yanvar kuni Xitoy huquqni muhofaza qilish organlari Uxan shahri va Xubey provinsiyasining unga yaqin joylashgan boshqa shaharlarida istiqomat qiluvchilarning karantin hududidan chiqib ketishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralarni kuchaytirdi. Rasmiy idoralar virusni yuqtirganlar, ayniqsa u yerda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar profilaktikasiga katta e'tibor qaratmoqda.

Elchixona Xitoyning tegishli hukumat idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi, hamyurtlarimizga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda va ular o‘rtasida tushuntirish ishlari olib bormoqda. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarga aholini sarosimaga soluvchi mish-mishlarni rad etuvchi videomateriallarni hamda zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha eslatmalarni joylashtirmoqda.

Hozirda Xitoy tomoni Uxan shahridan chet el,  jumladan O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qilishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgani yo‘q», – deya qo‘shimcha qilingan Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin AQSh, Fransiya va Yaponiya kabi davlatlar Uxandan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga tayyorlana boshlagani xabar qilingan edi. Xitoyda koronavirus qurbonlari soni 80 kishiga yetgan.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top