08:53 / 27.01.2020
1
27666
Xitoyda koronavirus qurbonlari soni 80 nafarga yetdi
Foto: AP Photo/Mark Schiefelbein

Xitoyda yangi koronavirus bilan chaqiriluvchi zotiljam qurbonlari soni bir kun ichida 23 nafarga ko‘payib, 80 kishiga yetdi, kasallanganlar soni esa 2,4 mingdan oshdi. Bu haqda The South China Morning Post nashri xabar berdi.

26 yanvarda qurbonlar 57 kishiligi, kasallanganlar esa 2027 kishiligi ma'lum qilingandi.

26 yanvarda Xitoyga koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda ko‘mak ko‘rsatish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus yo‘l oldi.

Xitoyning sog‘liqni saqlash ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari Ma Syaoveyaning ma'lum qilishicha, mutaxassislar hanuzgacha virusning kelib chiqishi manbaini topa olishmadi. Ularning dastlabki taxminicha, koronavirus paydo bo‘lishiga Uxandagi dengiz mahsulotlari bozorida sotilgan yirtqich hayvonlar sabab hisoblanadi.

Xitoylik mutaxassislar koronavirusdan davolash uchun odam immunotanqisligi virusiga qarshi qo‘llanuvchi dori vositasini sinay boshlashdi.

Avvalroq Xitoy hukumati virus mutatsiya qilib, tez tarqalayotganidan ogohlantirgandi.

Bundan tashqari, hukumat zotiljamning oldini olish va uni nazorat qilish ishlarini yaxshilash, ko‘p sonda odamlarning yig‘ilishiga yo‘l qo‘ymaslik, epidemiyani to‘xtatish maqsadida Xitoydagi yangi yil ta'tillarini 2 fevralgacha uzaytirishga qaror qildi. 3 fevral ish kuni deb e'lon qilingan. 

Bungacha ta'tillar muddati 24 yanvardan 30 yanvargacha qilib belgilangandi. Shu bilan birga oliy ta'lim muassasalari, maktablar va bolalar bog‘chalari uchun ta'tillar yakunlanishi sanasi alohida e'lon qilinadi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top