20:45 / 27.01.2020
8
99861
Xitoydagi koronavirus: Qurbonlar soni ortmoqda, hayot to‘xtab qolgan

Xitoyda nafas olish yo‘l orqali yuquvchi va odamdan odamga o‘tadigan yangi koronavirus to‘xtovsiz tarqalmoqda. Dushanba kungi ma'lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 81 nafarga yetgan, qariyb 3 ming kishi - virusdan zararlangan.

O‘lim holatlarining aksar qismi Xubey provinsiyasi - virus tarqalish epimarkaziga to‘g‘ri kelmoqda. Provinsiya markazi bo‘lmish Uxan shahri meri virus epidemiyaga aylanishidan ogohlantirgan, uning so‘zlariga ko‘ra, 11 million kishi yashaydigan shahar tashqi dunyo uchun yopilib, karantin holati joriy etilguniga qadar 5 million kishi shaharni tark etgandi.

Hozir shaharni tark etish uchun jiddiy cheklovlar o‘rnatilgan. Provinsiya chegaralaridagi punktlarda tibbiy xodimlar guruhlari ishlamoqda va ular chiquvchilarning tana haroratlarini o‘lchashmoqda. Uxanda shaxsiy avtomobillarda harakatlanish ham taqiqlangan.

Bir necha kun ichida shaharda yangi shifoxona qurildi va yana bittasini qurish ishlari ketmoqda. Matoli niqoblar va himoya kiyimlari ishlab chiqaruvchi fabrikalar to‘xtovsiz ishlamoqda.

Ayni vaqtda Xitoyning yana beshta shahri karantin holatida.

Ko‘plab mamlakatlarda turoperatorlar Xitoyga yo‘llanma sotishni to‘xtatgan va asosan ushbu davlatdagi xorijliklarni vataniga qaytarish bilan shug‘ullanmoqda.

Xitoy hukumati virus tarqalishining oldini olish uchun turli choralarni qo‘llamoqda. O‘tgan haftada Pekinning tarixiy qismida joylashgan, Tyananmen maydoni yaqinidagi «Taqiqlangan shahar» (Gugun) saroy kompleksi, shuningdek, Buyuk Xitoy devorining bir qismi sayyohlar uchun yopib qo‘yildi, oy taqvimi bo‘yicha 25 yanvar kuni boshlangan xitoycha yangi yil bayrami tadbirlari bekor qilindi.

Guandun provinsiyasida yashovchilarga niqoblar taqish majburiy qilib qo‘yildi.

Shanxay va Hongkongda Disneylendlar noma'lum muddatga yopib qo‘yildi, Tibet markazi Lxasadagi qadimiy Potala saroyi ham yopilgan.

Hozirda Xitoyning turli hududlarida yangi yil ta'tillari uzaytirilgan.

Uzoq muddatli ta'til

Shanxayda tashkilotlar xodimlariga 10 fevralgacha ishga qaytmaslikka ruxsat berilgan, kommunal xizmatlar, tibbiy muassasalar va supermarketlar bundan mustasno. Mamlakatning boshqa hududlarida ham ta'tillar kamida bir haftaga uzaytirilgan.

Bi-bi-sining Shanxaydagi muxbiri Robin Brantning so‘zlariga ko‘ra, bu Xitoy uchun xos bo‘lmagan qarordir. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday chora tufayli qariyb bir yarim milliard xitoylik ma'lum vaqtga jamoat transportidan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Ko‘plab yirik savdo tarmoqlari ham o‘z do‘konlarini vaqtinchalikka yopgan; ayrim kompaniyalar va banklar yaqin orada Xubeyda bo‘lib qaytgan xodimlariga uydan turib ishlashni tavsiya etmoqda.

Hongkong hukumati (bu yerda 8 kishi koronavirusga chalingan) 17 fevralga qadar maktablarni yopgan.

Qo‘shni Mo‘g‘uliston va Qirg‘izistonda ham Xitoy bilan chegaralar yopib qo‘yildi, virusdan zararlanish bo‘yicha bitta holat qayd etilgan Mo‘g‘uliston bahorgacha maktablar va boshqa oliy hamda o‘rta ta'lim muassasalarini yopib qo‘ygan, shuningdek, 2 martga qadar ommaviy tadbirlar o‘tkazilishiga taqiq qo‘yilgan.

XXRning ikkinchi raqamli odami, Davlat kengashi bosh vaziri Li Ketsyan Uxanga keldi

Bugun Xitoyga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus uchib keldi, u bu yerda mamlakat hukumati va sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari bilan maslahatlashuv o‘tkazadi.

So‘nggi statistika

Xitoyda:
2827 virusni yuqtirish holati
5794 o‘xshash simptomlar aniqlangan, ammo hozircha tashxis qo‘yilmagan
461 kishi og‘ir ahvolda
81 o‘lim holati
51 bemor sog‘aygan va shifoxonadan javob berilgan

Xitoy hududlaridan tashqarida kamida 45ta virusdan zararlanish holati qayd etilgan:

Tailand - 8
AQSh va Avstraliya - 5tadan
Singapur, Tayvan, Malayziya, Janubiy Koreya - 4tadan
Fransiya, Yaponiya - 3tadan
Vetnam - 2
Nepal, Kanada, Kamboja - 1tadan

Virus yuqtirganlarning barchasi so‘nggi bir oy ichida Uxanda bo‘lgan yoki u yerdan kelganlar bilan aloqada bo‘lgan.

Virusdan qanday himoyalanish mumkin?

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga chalinmaslik uchun nimalar qilish kerakligi borasida quyidagi tavsiyalarni bergan:

  • qo‘llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;
  • yo‘talganda yoki aks urganda og‘zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, yengingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing;
  • shamollash yoki gripp alomatlari bo‘lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo‘lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;
  • tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo‘lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo‘lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo‘ling;
  • taomni, ayniqsa, go‘shtni astoydil pishiring.

Har bir odam - xavf

Koronavirusning asosiy asoratlaridan biri - nafas olishning qiyinlashishidir, shu tufayli shusiz ham bu borada muammolari bor keksa kishilar virusdan osonlik bilan o‘lim topmoqda.

Virus yangi, shuning uchun unga qarshi vaksina mavjud emas.

Shu kunlarda xitoylik tibbiyotchilar virus hatto inkubatsiya davrida ham yuqishi mumkinligini tasdiqlashdi, ya'ni simptomlari paydo bo‘lishidan oldinoq odam virusdan zararlangan bo‘ladi.

Inkubatsiya davri 1 kundan 14 kungacha davom etishi mumkin.

Pekinda va boshqa bir necha shaharlarda metro vagonlari har kuni bir martadan dezinfeksiya qilinmoqda; eskalatorlar va chipta kassalari kuniga uch marta dezinfeksiyadan o‘tkazilmoqda.

Hukumat ayrim aholi punktlarida taksi haydovchilarni ham avtomobillari salonini har bir yo‘lovchi chiqib tushishidan keyin dezinfeksiya qilishga chaqirmoqda.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top