21:04 / 28.01.2020
0
11514
Samarqandliklar endi transformator ishdan chiqishidan aziyat chekmaydimi?

Kuz-qish mavsumida odatda iste'molchilardan tushadigan asosiy murojaatlardan biri – transformatorlarning ishdan chiqishi bilan bog‘liq. O‘tgan yilning o‘zida viloyatda 6 million dollarlik transformatorlar o‘rnatilgan.  

Ko‘pgina hududlarda o‘rnatilgan transformatorlarning nisbatan eskirgani, qish mavsumida zo‘riqib ishlashi natijasida avariya holatlari yuzaga keladi. Ishdan chiqishi ko‘plab iste'molchilarning ma'lum muddat elektrsiz qolishiga sababchi bo‘ladi.

Odatda ishdan chiqqan transformatorlar Toshkentga olib borilib, ta'mirlanardi. Bu esa ma'lum miqdordagi xarajat hamda vaqt talab etardi.  “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan energotizimning Samarqand viloyatidagi ishlab chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida “Samarqand shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” hududida transformatorlarni ta'mirlash ustaxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ma'lumotga ko‘ra, birgina 2019 yil davomida Samarqand viloyati bo‘yicha jami kuygan transformatorlar soni 758 tani tashkil etadi. 2020 yilning bugungi kuniga qadar esa 48 marta transformatorlar ishdan chiqishi kuzatilgan.

Yuqorida aytib o‘tilgan sexda eskirgan hamda ta'mirtalab transformatorlar ham qayta ta'mirlanib yana xizmat ko‘rsatish uchun qaytariladi.  

Birlamchi hisob-kitoblarga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 23 noyabrdagi “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangi qurilish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida transformator punktlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish jarayonda, mazkur korxona yetarlicha sof foyda olib kelishi ma'lum bo‘ldi.

Mazkur foydani kelgusi yil ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga hamda ustaxona faoliyatini kengaytirishga qaratish belgilandi.

Endilikda shartnoma asosida qo‘shni viloyatlarga ham texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, eskirib ketgan simyog‘ochlar yuzasidan ham iste'molchilardan murojaatlar tushadi. Mazkur muammo “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati e'tiborida bo‘lib, so‘nggi bir yilda  Samarqand shahri aholisini sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida 420 ta simyog‘ochlar temir-beton ustunlarga almashtirilgan va bu jarayon davom etadi.

Shuningdek, 351 kilometr tarmoq, 162 ta TP mukammal ta'mirlandi. 400 kilometr havo elektr liniyalari joriy ta'mirlanib 20 dan ortiq mahallada elektr ta'minotini yaxshilashga erishilgan.

2020 yilda 260 kilometr tarmoqlarni himoyalangan elektr simlariga almashtirib, 360 kilometr tarmoqni mukammal hamda 500 tadan ortiq transformatorlarni mukammal va joriy ta'mirlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 1200 ta yog‘och ustunlar o‘rniga temir-beton ustunlar o‘rnatilib, elektr ta'minoti bilan bog‘liq muammolarga bosqichma-bosqich barham berish ko‘zda tutilgan.

«Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top