18:09 / 29.01.2020
4
21791

4 kun ichida kamida 6 fuqaro YPX xodimiga pora berayotganida qo‘lga tushdi

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi so‘nggi kunlarda YPX xodimlariga pora berish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan ma'lumot berdi.

24 yanvar. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani. «Kamaz-5320» rusumli yuk mashinasi haydovchisi transport vositasini boshqarishga hujjatlari bo‘lmagani sabab, mashina jarima maydoniga joylashtirilgan. Haydovchi shu kuni YPX xodimiga 1 mln so‘m pora taklif qilib, ertasi kuni berayotgan vaqtida ushlangan.

26 yanvar. Namangan viloyati Kosonsoy tumani. «Damas» haydovchisi R.A. avtomobil boshqarishga hujjatlari bo‘lmagani sabab, mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. YPX xodimi bilan muloqot jarayonida haydovchi R.A. javobgarlikdan qochish uchun 100 dollarni pora sifatida berayotganida ushlangan.

26 yanvar. Namangan viloyati Kosonsoy tumani. «Spark» haydovchisi A.M. avtomobil boshqarishga hujjatlari bo‘lmagani sabab, mashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan. U inspektorga 600 ming so‘m pora taklif qilib, 460 ming so‘m berayotgan vaqtda ushlangan.

27 yanvar. Buxoro viloyati. Shofirkon tumanida yashovchi fuqarolar D.E. va R.T.lar D.E.ga tegishli bo‘lgan «Ford» rusumli avtomobilning dvigatel qismiga yozilgan agregat raqamlari qo‘lbola usulda urilganini inobatga olmasdan, avtomashinaga yangi davlat raqam belgisini olish uchun tekshiriladigan agregat raqamini davlat standartlariga to‘g‘ri keladi, deb imzo qo‘yib berishini so‘rab, buning evaziga YPX xodimiga 200 ming so‘m pora taklif qilgan.

Ular xodimning bildirgisiga ko‘ra o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 200 ming so‘m pulni pora tariqasida berayotgan vaqtida ushlangan.

27 yanvar. Farg‘ona shahri. «Vaz 2106» haydovchisi T.R. avtomashinani hujjatlarsiz boshqarib kelgani aniqlangach, unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan. Haydovchi javobgarlikdan qochish uchun YPX xodimiga 500 ming so‘m taklif qilib, bu pulni berayotganida pora bilan qo‘lga tushgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top