13:39 / 29.01.2020
2
114974
Abdulla Aripov koronavirus masalasida majlis o‘tkazdi

Bosh vazir Abdulla Aripov Xitoyda tarqalayotgan yangi turdagi koronavirus O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish masalasida 28 yanvar kuni yig‘ilish o‘tkazgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘zbekistonda hali bittayam holat bo‘lmagan. Kecha Bosh vazir tomonidan komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Har bir idora va tashkilotlar, shu jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Chegara qo‘shinlariga topshiriqlar berildi», – dedi Yusupaliyev 29 yanvar kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.

Uning aytishicha, hozircha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus qayerdan kelib chiqqani haqida aniq xulosaga kelmagan.

«Bitta narsani bilishimiz kerak: koronavirus – havo tomchi yo‘li bilan yuqadigan infeksiya. Aksirganda, yo‘talganda bir-biriga o‘tuvchi, odamdan odamga o‘tishi mumkin bo‘lgan infeksiya. Gripp bilan taqqoslasak, grippga o‘xshagan havo tomchi infeksiyasi. Alohida ta'kidlashim kerak, grippda o‘lim holatlari 2-4 foizni tashkil qiladi. Bu yerda ham [koronavirusda] o‘lim holatlari umumiy kasallanganlarga nisbatan 2-4 foizni tashkil qiladi.

Bu infeksiya bilan kurashishimiz mumkin. Birinchi navbatda gigiyena talablari, qoidalarini bilishimiz va rioya etishimiz kerak. Bu degani, shamollagan odam niqob taqishi yoki uni alohidalash kerak. Tegishli dorilarni berib, simtomatik davolanadi. Bu davolanadigan kasallik», dedi vazir o‘rinbosari.

Bahodir Yusupaliyev aholini vahimaga tushmaslikka chaqirib, virus O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun yetarli choralar ko‘rilganini bildirdi.

«Chegaradagi sanitar-karantin  punktlarining faoliyati nazoratga olingan. Har bir punktga infeksionist biriktirilgan. Tegishli teplovizor bilan kirib kelayotganlarning tana harorati ko‘tarilgan-ko‘tarilmaganini bilamiz. Shundan kelib chiqib, birinchi tadbirlarni amalga oshirishimiz mumkin bo‘ladi.

Keyingi masala, har bitta tibbiyot muassasasida zaxira o‘rinlar, dori-darmonlar tayyorlab qo‘yilgan», – dedi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top