15:15 / 29.01.2020
1
5653
Amnesty International Trampning Isroil va Falastin bo‘yicha rejasini tanqid qildi
Foto: AP Photo/Alex Brandon

Falastin-Isroil mojarosini hal qilish bo‘yicha AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati tomonidan taklif etilgan tashabbus xalqaro huquqqa zid va Yaqin Sharqda tinchlikka erishishga xizmat qilmaydi. Bu haqda Amnesty International huquqni himoya qilish tashkilotining bayonotida ma'lum qilindi.

"Kelishuvda aks etgan hududlar almashish tamoyili Falastin hududining kelgusida ham istilo etilishiga olib kelishini anglashimiz lozim. Falastin yerlarini yarim asrdan ortiq vaqt davomida istilo qilib kelgan Isroil falastinliklarning asosiy huquqlarini inkor etgan holda ularga nisbatan kamsitish tizimini mustahkamladi. Bu kelishuv ana shu shafqatsiz, qonunga zid siyosatni ma'qullash demakdir", - deyiladi tashkilotning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘limi rahbari Filip Lyuterning bayonotida.

Amnesty International xalqaro hamjamiyatni Amerika rahbarining tashabbuslarini rad etishga chaqirdi.

Avvalroq Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan birgalikda bergan matbuot anjumanida Vashington tomonidan taklif qilinayotgan “asr kelishuvi” shartlarini e'lon qilgandi.

Dastlab kelishuvga ko‘ra, poytaxti Sharqiy Al-Qudsda joylashadigan Falastin davlati tashkil etilishi ma'lum qilingan. Biroq keyinroq Netanyaxu Falastin poytaxti Al-Quds ortida, Abu-Dis shahrida joylashishini aytgan. 

Shuningdek, rejaga ko‘ra, falastinliklar o‘z hududini 2 barobarga oshirishlari mumkin bo‘ladi, Abbos muzokaralarga rozi bo‘lsa, AQSh unga Falastin davlatini tashkil etishda yordam beradi.

Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif AQSh rejasini “Yaqin Sharq va butun dunyo uchun dahshat” hamda “kasodga uchragan quruvchi uchun orzudagi loyiha” ekanini aytgan.

Reja bo‘yicha Qatar ham tanqidiy fikr bildirgan va tinchlikka erishish uchun “falastinliklarning 1967 yildagi chegaralar hisobga olingan mustaqil davlat tashkil etish huquqlariga amal qilinishi lozimligi”ni ta'kidlab o‘tgan. Shu bilan birga Dohada AQShning arab-isroil mojarosi yechimini topishdagi sa'y-harakatlari qadrlanishi aytilgan. 

Saudiya Arabistoni ham AQShning “asr kelishuvini” yuqori baholab, tomonlarni Vashington vositachiligidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga chaqirgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top