19:00 / 29.01.2020
5
16754
Demokratiyaga ishonchsizlik tarixiy maksimumga yetdi. Buni so‘rovlar natijalari ko‘rsatmoqda

Rivojlangan mamlakatlarda fuqarolarning demokratiyadan noroziligi so‘nggi 25 yil ichida eng yuqori darajaga yetgan.

GETTY IMAGES

Britaniyadagi Kembrij universiteti sotsiologlari 154 mamlakatda o‘tkazilgan (4 million kishi qatnashgan) 3,5 ming so‘rovnoma natijalarini tahlil qilishgan.

Odamlardan ular o‘z mamlakatidagi demokratiya darajasi o‘zini qay darajada qoniqtirishi borasida so‘ralgan.

Kembrijdagi sotsiologlar bu ishni 1995 yildan boshlab o‘tkazishgan, ayrim mamlakatlardagi ma'lumotlar 1970-yillardan boshlangan davrni o‘z ichiga oladi. Saylovchilarning siyosiy qarashlari va ularning hokimiyat institutlariga munosabati 1995 yildan 2020 yilgacha qanday o‘zgargani haqidagi ma'lumotlar to‘plangan.

«Butun Yer yuzida demokratiya nosog‘lom holatdadir. Biz demokratik siyosiy institutlarga nisbatan norozilik darajasi tez sur'atlar bilan o‘sib borganini va tarixiy  nuqtasiga ko‘tarilganini aniqladik. Bu ayniqsa rivojlangan mamlakatlarga xosdir», degan Kembrij universiteti politologi Roberto Foa.

Norozilar ulushi dunyo miqyosida 1995 yilda 48 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda 58 foizga yetgan.

O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilligida demokratiyani ijobiy qabul qilish ko‘rsatkichlari o‘sishi kuzatilgan. Bu Sharqiy va Markaziy Yevropada kommunizmning halokati va butun dunyoda demokratiyaning yuksalishi davri edi.

So‘nggi 10 yillikda esa demokratiyadan hafsalasizlik kuzatilgan va umidsizlik kuchaygan.

Fransiyadagi «sariq nimchalilar»

Tadqiqot mualliflari buni 2008 yildagi moliyaviy inqiroz, 2015 yildagi «migratsiya inqirozi», shuningdek, «davlatlarning tashqi siyosatdagi muvaffaqiyatsizliklari» bilan bog‘laydi.

Siyosatshunoslar va siyosiy sharhlovchilarning fikricha, bu yig‘ilib qolgan iqtisodiy va siyosiy xarakterdagi milliy va global muammolarni hal etish uchun radikal va ko‘pincha demokratiyaga xos bo‘lmagan yechimlarni taklif qiluvchi populistik partiyalar va harakatlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Xususan, Donald Tramp, Boris Jonson va Brexit tarafdorlarining g‘alabalari, shuningdek, Ispaniya va Gretsiyadagi parlament saylovlarida radikal so‘l kuchlarning yutuqlari ko‘pincha shu tarzda izohlanmoqda.

Britaniyada 30 yil davomida demokratiyaga ishonch barqaror sur'atda o‘sib borgan va yangi ming yillikning ilk yillarida cho‘qqiga chiqqan. 2005 yilga kelib esa vaziyat o‘zgara boshlagan, iqtisodiy muammolar va ichki siyosatdagi muammolar fonida demokratiyaga bo‘lgan ishonch orqaga ketgan.

1995 yilda Britaniyadagi mavjud demokratiyadan qoniqmaydiganlar 47 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2005 yilda bu ko‘rsatkich 33 foizgacha tushgan, 2019 yilda esa parlament saylovlari arafasida 61 foizga ko‘tarilgan.

AQShda 1995-2005 yillarda demokratiyani ma'qullovchilar Birlashgan Qirollikdagidan ko‘proq bo‘lgan - 75 foiz, keyin «ishonchlar oqlanmagan» va ko‘rsatkichlar quyiga tusha boshlagan.

Doktor Foaning fikricha, bunday tsinizm (loqaydlik) - ayrim davlatlar uchun odatiy holat, ammo AQSh uchun bu o‘ziga baho berishda jiddiy siljishlar ro‘y berganini anglatadi.

Los-Anjyelesdagi uysizlar

Ekspert bu holatni moliyaviy inqiroz bilan, shuningdek, siyosiy qutblashish va jamiyatdagi ishonchsizlik bilan izohlagan.

O‘z navbatida Yevropadagi ayrim davlatlarda teskari tendensiya kuzatiladi. Demokratiya holatidan mamnunlik darajasi Daniya, Shveytsariya, Norvegiya va Niderlandiyada tarixiy maksimumga erishgan.

Demokratiyadan hafsalasizlik va populizm o‘sishi - bu sabab emas, balki alomatdir, demoqda sotsiologlar.

«Demokratiyaga ishonch kuchsizlanmoqda, chunki demokratik institutlar davrimizning asosiy muammolarini - iqtisodiy muammolardan tortib global iqlim o‘zgarishlarigacha - yetarli darajada hal etolmayapti. Demokratiyaga ishonch avvalgi darajada tiklanishi uchun bularning bari o‘zgarishi kerak», deydi Roberto Foa.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top