13:20 / 29.01.2020
0
50734
Foto: Shahrisabzda o‘n yildan beri ilk marta qor barsi ko‘rinish berdi

Sayyoradagi eng noyob jonivorlardan biri – ilvirs aslida respublikamizda taxminan 20-22ta deb hisoblanadi. Mushuksimonlar oilasiga mansub ushbu yirtqichni qor barsi ham deyishadi.

Yaqinda Hisor davlat qo‘riqxonasi xodimlari tog‘ning Shahrisabz tumani hududida qor barsini ko‘rib qolishganini ma'lum qilishdi. Bu haqda Kun.uz’ga Shahrisabz tumani hokimligi xabar bermoqda.

Qo‘riqxona xodimlari qor barsining suratini olishga ham muvaffaq bo‘lishgan. Hokimlik axborot xizmati xodimining so‘zlariga ko‘ra, tog‘li hudud aholisi va qo‘riqxona xodimlari bundan oldin so‘nggi marta 2010 yilda qor barsiga duch kelishgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hayvonot olamida juda ham kamayib borayotgan, Markaziy va Janubiy Osiyo jonivorlari podshohi deb ataladigan ilvirs  bugungi kunda dunyo miqyosida 16ta mamlakatda 3-4 mingtagacha borligi tasdiqlangan. Barcha davlatlarda «Qizil kitob»ga kiritilgan.

Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, qor barsining kamayib ketishiga asosiy sabab sifatida oziq-ovqat bazasining yetishmovchiligi keltiriladi. Shu sababdan ular borgan sari tog‘larning yuqori qismiga qarab ketmoqda. Shuningdek, ularning kamayishiga ekologiya yomonlashuvi va insonning tabiatga aralashuvi kabi salbiy omillar ham ta'sir ko‘rsatmoqda. 

Mazkur omillarni yaqindan o‘rganish va o‘quvchilarga yetkazish maqsadida Kun.uz jamoasi tomonidan Hisor tog‘ tizmalarida ekspeditsiya uyushtirish rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top