18:50 / 29.01.2020
0
4725
«Tottenhem» Eriksen o‘rnini PSV yetakchisi bilan to‘ldirdi

«Tottenhem» PSV yarimhimoyachisi Steven Bergveynni transfer qilganini e'lon qildi.

22 yoshli niderlandiyalik futbolchi bilan 2025 yilga qadar shartnoma tuzilgan. U yangi klubida 23 raqamli futbolkada to‘p suradi.

«Tottenhem»dek ajoyib jamoaga o‘tganimdan juda xursandman. Angliya Premer-ligasida to‘p surish har bir futbolchining orzusi sanaladi. Bu yerdagi muhit, muxlislarga to‘la stadionlar har qanday futbolchiga qo‘shimcha ishtiyoq beradi.

PSV klubiga 13 yoshimda kelganman. Har kuni saharlab oltida uyg‘onib, mashg‘ulotga qatnar, so‘ng maktabga borardim. Mashqlarda bo‘lgan paytim otam mashinasida uxlab qolardi. Shu darajaga yetib kelganim uchun yaqinlarimdan doim minnatdorman. Ularning yordamisiz hozirda «Tottenhem»da bo‘lmasdim. 

Bolalagimdan Mourinoning faoliyatini kuzatardim, endi esa uning qo‘l ostida to‘p suraman. Bu klubga o‘tishim orzuimning ushalishidir. Har doim o‘zimga ishonganman. Klubga yordam berish va g‘alabalarga o‘z hissamni qo‘shish uchun bor kuch va imkoniyatimni ishga solaman», - deydi Bergveyn klub saytiga bergan intervyusida.

«Tottenhem» ushbu futbolchini biroz avvalroq «Inter»ga yo‘l olgan Kristian Eriksenga munosib o‘rinbosar sifatida ko‘rishmoqda. 

Bundan avvalroq, «shporlar» ushbu futbolchi transferi uchun 32 million yevro (bonuslar bilan birga) to‘lashi haqida xabarlar berilgandi.

Erediviziyaning joriy mavsumida Bergveyn PSV safida 16 o‘yinda maydonga tushib, 5 gol urgan va 10 golga uzatma bergan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top