22:04 / 30.01.2020
3
13352
2019 yilda IIB bo‘lim boshliqlarining 67 nafari intizomiy jazoga tortildi

2017 yilda O‘zbekistondagi 30ta shahar va 170ta tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘i lavozimlari joriy etilgan edi.

Birgina 2019 yilning o‘zida respublika bo‘yicha bu lavozim egalarining yarmidan ko‘pi – 114 nafari yo lavozimidan ozod etilgan, yoki intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov 29 yanvar kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda shu haqda ma'lumot berib o‘tdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«Shahar-tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari nafaqat profilaktika inspektorlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, balki o‘zi rahbarlik qilayotgan hududdagi aholi, ayniqsa, yoshlar bilan uzluksiz tarzda ishlash, ularning muammolarini aniqlab, hal etish choralarini ko‘rish kabi vazifalarga ham mas'uldirlar.

Biroq hamma joyda ham ularning faoliyati to‘g‘ri tashkil etilgan deb aytolmaymiz. Yoshlar bo‘yicha o‘rinbosarlarning hammasi ham o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarmayapti. Shuning uchun o‘tgan yili 47 nafar yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimidan ozod etilib, 67 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi», – dedi Bobojonov.

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov

IIV rahbarining qayd etishicha, yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlarning aksariyatini 30 yoshdan oshganlar tashkil etadi. U bu lavozimlarga bilimli, halol va jonkuyar yosh xodimlar tayinlanib, bosqichma-bosqich yoshartirib borilishini ta'kidladi.

«Vazir o‘rinbosarlari Rustam Xotamov va Azizbek Ikromov bundan buyon yosh xodimlarni xizmat faoliyatini xolis baholash, o‘zaro tajriba almashish, ularga yangi ishlash metodlarini o‘rgatish bo‘yicha maxsus treninglar tashkil etish amaliyotini yo‘lga qo‘yishi lozim. Bunda yaxshi ishlaydigan xodimlarning ish tajribasini ommalashtirib, xizmat ko‘rsatishi past bo‘lgan xodimlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish va lavozimlarini oshirish kerak. Chunki yosh xodimlar ichki ishlar organlarining yuzi, obro‘si va ijobiy imijini yuksaltirishdagi eng asosiy kuchdir», – dedi Po‘lat Bobojonov.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Rustam Xotamov

Bildirilishicha, hududlardagi rahbarlar haligacha yosh xodimlarga ishonch bildirish masalasida oqsamoqda. 2019 yilda 425 nafar tashabbuskor rahbarlik lavozimlariga kadrlar zaxirasiga olingan bo‘lsa-da, shundan bor-yo‘g‘i 44 nafari yuqori rahbarlik lavozimiga tayinlangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top