13:27 / 30.01.2020
14
46717
«IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas». Chiroqchi tuman IIBda vafot etgan fuqaro voqeasi yuzasidan brifing o‘tkazildi

Bugun, 30 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati IIB binosida ommaviy axborot vositalari uchun keng muhokamaga sabab bo‘layotgan, o‘g‘rilikda gumonlanib, Chiroqchi tumani Ichki ishlar bo‘limiga keltirilgan fuqaroning vafot etishi bilan bog‘liq holat yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida shu masalaga bag‘ishlangan anjumanda ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov OAV xodimlariga axborot berdi. Ma'lum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan tekshirish ishlari hali yakuniga yetmagan.

«IIB binosida odam o‘lishi yangilik emas, bu tabiiy holat, oldin ham bo‘lgan. Ayrimlar o‘z joniga qasd qiladi, ayrimlarning tobi qochib qoladi. Bu holat ichki ishlar vazirligi tomonidan nazoratga olinadi. Chiroqchidagi voqeadan so‘ng ham ertasi kuniyoq IIV vakillari yetib kelgan. Tekshirish boshlangan.

Oldindan tekshirmasdan turib baholashga haqqimiz yo‘q. Odam aybdorligini faqat sud belgilaydi. Aytishimiz mumkin bo‘lgan holat shuki, Chiroqchi tumanidagi bo‘limda juda ham ko‘p kamchiliklar aniqlanmoqda. Fuqarolarning murojaatlari qabul qilinmasligidan tortib turli boshqa holatlargacha.

Ammo jamoatchilik ham e'tibor qaratmagan. Sayyor qabullarda aytilmagan. Langar qishlog‘iga IIB boshqarmasi boshlig‘i ham borgandi. Ammo muammo ko‘tarilmagan, shu vaqtgacha yig‘ilib kelgan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

IIV vakili tez orada voqea yuzasidan tekshiruvlar tugagach, qo‘shimcha ma'lumot berilishini bildirdi.

«Tez orada to‘liq ma'lumot beramiz. Aybdorlar haqda to‘liq ma'lumot beriladi. Hozircha esa oldindan yig‘ilib, qisqacha tushuntirish berishga majbur bo‘ldik. Balki bizning aybimizdir, birinchi kundanoq xabar bermaganimiz. Chunki bunday an'ana oldin yo‘q edi.

Aslida biz xodimimiz bo‘lgan taqdirda ham bunday holatlarni berkitmaymiz. Bitta xodim butun bir vazirlik sha'nini yerga urishi mumkin. Har bir xodim va rahbarlar faoliyatiga ham huquqiy baho beriladi», deydi vazirning matbuot kotibi.

IIV vakiliga ko‘ra, xuddi shu voqea ortidan Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari o‘z xohishi bilan vazifasidan bo‘shagan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2019 yil davomida IIV tizimida xizmat intizomini buzgan 7037 nafar xodimga chora ko‘rilgan. 2018 yilda bu raqam yanada ko‘proq bo‘lgan. 1223 nafar xodim esa ma'muriy javobgarlikkka tortilgan. Shuningdek 2019 yilda jinoiy javobgarlikka tortilgan ichki ishlar xodimlari soni 133 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi vakili mazkur holat yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi. Ushbu ish yuzasidan hozirga qadar Chiroqchi tuman IIBning ikki nafar xodimiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Sud tibbiy ekspertiza ham tayinlangan.

Anjumanda Chiroqchi tuman IIB binosida vafot etgan marhumning yaqinlari ham ishtirok etdi. Marhumning akasi ayrim IIB xodimlariga nisbatan ishonchsizlik bildirib, ishning oxirigacha to‘liq tekshirilishiga erishishni so‘radi.

Avvalroq Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi 32 yoshli erkak Yu.A 22 yanvar kuni yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgani, 23 yanvar kuni esa IIBdan uning murdasi chiqqani haqida xabarlar berilgandi. 

Prokuratura mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi («Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilayotganini ma'lum qilgan.

«Daryo» muxbiri marhumning yaqinlari bilan, shuningdek, o‘sha kuni Yu.A bilan birga tergov qilish uchun olib borilib, qiynoqqa solingan ota-bola Qurbon Ostonoyev va Bahrom Avliyoqulov bilan ham gaplashgan. Ularning barchasi Yu.A shafqatsizlik bilan kaltaklanganini ta'kidlashgan, IIB xodimlari qotillikni yashirish uchun guvohlarning og‘zini yopishga uringani haqida aytib berishgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top