15:40 / 30.01.2020
9
18800
SSV: Xitoydan kelgan fuqarolar epidemiologlar tomonidan 14 kun davomida nazoratga olinmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida Xitoydan kelgan O‘zbekiston fuqarolari tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazilayotgani haqida ma'lum qildi.

«Mamlakatimiz hududiga koronavirus kirib kelishining oldini olish maqsadida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, tatbiq etilgan. Jumladan, Davlat chegara postlaridan o‘tayotgan fuqarolarni tibbiy nazorat ko‘rigidan o‘tkazishga alohida e'tibor qaratilgan. Shu maqsadda respublikamizda Davlat chegaralarining kesishish joylarida 52ta sanitariya-karantin punktlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Yurtimiz hududiga ushbu infeksiyaning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Davlat chegara postlaridan o‘tayotgan fuqarolar tibbiy nazorat ko‘rigidan o‘tkazilmoqda, shuningdek, teplovizor yordamida yo‘lovchilarning tana harorati masofadan turib o‘lchanmoqda va umumiy holati tekshirilmoqda. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun nafaqat sanitariya nazorat punktlari tibbiyot xodimlari, balki shifokor infeksionistlar ham jalb etilgan.

So‘nggi o‘n kun ichida ana shunday tekshiruvlar natijasida Xitoydan kelgan fuqarolarning 59 nafaridan virusologik tekshiruv o‘tkazish uchun namunalar olingan. 19 nafar shaxs esa Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida tashkil etilgan bo‘limga murojaat etgan va tibbiy nazoratdan o‘tkazilgan. Shu o‘rinda aytish kerakki, ayni paytga qadar ularning birortasida ham koronavirus infeksiyasi umuman aniqlanmagan. Bundan tashqari, Xitoydan kelgan fuqarolar yashash manzili bo‘yicha oilaviy poliklinikalar tibbiyot xodimlari va epidemiologlar tomonidan 14 kun davomida nazoratga olinmoqda.

Bundan tashqari, Sanitariya-epedimiologik osoyishtalik agentligi tomonidan gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha ham monitoring olib borilmoqda. Natijalarga ko‘ra, gripp va boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha o‘tgan yilga nisbatan birmuncha mavsumiy ko‘tarilish kuzatilgan bo‘lsa-da, ushbu kasalliklar bo‘yicha o‘lim holatlari qayd etilmadi.

Koronavirus hamda o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar izchil davom etmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda tarqalayotgan koronavirusni yuqtirish oqibatida vafot etganlar soni 170 nafardan oshgan. Dunyo bo‘yicha kasallanganlar soni esa 8 mingga yaqinlashmoqda. Bugungi kunda ushbu virusga chalinish holati 16ta davlatda qayd etilgan.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top