14:08 / 30.01.2020
0
4668
«YaHM aholi jon boshiga 1 000 dollardan to‘g‘ri keldi» - Samarqandda yil yakunlari tahlil qilindi
Foto: KUN.UZ

Samarqand shahridagi matbuot uyida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov ishtirokida yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ma'ruza qilgan viloyat hokimining iqtisodiy masalalar va tadbirkorlik bo‘yicha o‘rinbosari Jamshid O‘roqov 2019 yilda Samarqandda olib borilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida ma'lumot berdi.

«Biz OAV tahlillarida ma'lumotlar aniq bo‘lishi uchun ularga iqtisodiy kompleksga bog‘liq faktlarni o‘zimiz berishga qaror qildik»,— dedi so‘zi avvalida hokim o‘rinbosari.

Ma'ruzasi avvalida O‘roqov viloyat aholisining aniq miqdori haqida ma'lumot berdi va yalpi hududiy mahsulot aholi jon boshiga qanchadan to‘g‘ri kelishini aytdi: «Samarqand viloyati aholisi 3 million 878 ming nafarga yetdi. 2019 yilda viloyat aholisi 85 ming kishiga ko‘paygan. Viloyat YaHM 2018 yilda 31 trillionni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 37,6  trillionga yetdi. YaHM aholi jon boshiga 2018 yilda 8,8 million so‘mni tashkil qilgan, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 9,7 million so‘mga, dollarda hisoblaganda 1 000 AQSh dollariga teng bo‘ldi (Ma'lumot uchun mamlakat YaIM aholi jonboshiga 1 500 AQSh dollari atrofida to‘g‘i keladi). Bu bizningcha, ancha past ko‘rsatkich, uni oshirishimiz kerak. Masalan, ko‘rsatkichlarimiz Qozog‘istondagidan ancha past».

O‘roqovning aytishicha, 2019 yilda Samarqandda sanoatning avtomobilsozlik sohasi ancha o‘sgan: «Iqtisodning asosiy bo‘g‘inlaridan bo‘lgan sanoatning 39,4 foizi oziq-ovqat sanoatiga to‘g‘ri kelmoqda. Avtomobilsozlikning sanoatdagi ulushi 28,8 foizga yetganini xursandchilik bilan aytishimiz mumkin. Viloyatdagi «Samavto» zavodi ishlab chiqarish hajmini oshirdi, «KamAZ»ning ham yig‘ish sexlarini ishga tushirdik.

O‘tgan yilda yengil sanoat, xususan tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish Samarqand viloyat sanoat kompleksining 17,2 foizini tashkil etdi. 2019 yilda viloyatda sanoat korxonalari soni oshdi. 2018 yilda bunday korxonalari soni 5 550 ta edi, ortda qolgan yilda ularning soni 6 348 taga yetdi. Samarqandda zamonaviy sanoat pavilyoni ochish bo‘yicha ishlayapmiz. Bu yerda Samarqandning ishlab chiqarish salohiyati ochib beradigan ko‘rgazmalar doimiy o‘tkaziladi».

O‘roqovning aytishicha, viloyatdagi sug‘oriladigan yerlarning asosiy qismi fermer xo‘jaliklariga tegishli: «Ayni damda Samarqanddagi sug‘oriladigan yerlarning 66 foizi fermerlarga, 31,7 foizi dehqon xo‘jaliklariga, yana 2,2 foiz yer qishloq xo‘jalik mahsulotini qayta ishlaydigan korxonalarga tegishli. Biz aynan fermer va dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash orqali qishloq xo‘jaligining iqtisodiy ko‘rsatkichlarini oshirishimiz kerak. Chunki Samarqandda suv muammosi bo‘lishiga qaramay qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlarining 2 foizgagina o‘sishi yaxshi emas. Bu borada klasterlarni ko‘paytirishga e'tibor berishimiz kerak. Hozir 12 ming gektar yer tanlab olingan va u yerda paydo bo‘ladigan klasterlarda plantatsiyalar tashkil qilinadi».

Biz bog‘dorchilikni ham rivojlantirishimiz kerak. 1 gektardan 2, 3, 5 tonna hosil beradigan 5,5 gektar eski bog‘larni buzamiz va o‘rniga intensiv bog‘lar quramiz. Intensiv bog‘ 50 tonnagacha hosil beradi. 2020 yilda g‘alla maydonlarini kamaytiramiz, ammo buni g‘alla rejasini kamaytirish evaziga emas, boshqa g‘alla yerlaridagi hosilni ko‘paytirish hisobiga amalga oshirib, g‘alladan bo‘shagan yerlarga sabzavot ekish imkoniga ega bo‘lamiz.

Samarqandda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash sohasi doim kuchli bo‘lgan. Bizning konservalar, tomat pastalarimiz avvallari dunyo bozorlarida sotilgan, biroq hozir bu borada oqsayapmiz. Ayni damda 77 ta korxonamiz mavjud va ularning aksari eski texnologiyalar bilan ishlaydi. Biz ularni jihozlashga e'tibor berib qo‘shimchasiga intensiv bog‘larni ko‘paytirishimiz lozim. Meva-sabzavot ishlab chiqarishni ko‘paytirmay qayta ishlashni rivojlantira olmaymiz».

Viloyat hokimi o‘rinbosari xizmatlar sohasi haqida gapirar ekan norasmiy sektordagi tadbirkorlik sub'yektlarini rasmiylashtirish kerakligini aytdi: «Bugungi kunda xizmatlar sohasining 50 foizdan ko‘prog‘i norasmiy sektorga to‘g‘ri kelayotganini tan olishimiz kerak. Oddiy sartaroshxona, go‘zallik saloni, «paynet»... bu yerlarda ham pul aylanadi va ularni rasmiylashtirishimiz kerak. Samarqandda 2019 yilda xizmatlar sohasi aholi jon boshiga 3,2 million so‘mdan to‘g‘ri keldi, bu juda kam».

O‘roqov Samarqandning 2019 yildagi tashqi savdo aylanmasi miqdori haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishdi: «2019 yilda Samarqandning tashqi savdo aylanmasi 1,7 milliard AQSh dollarini tashkil qildi. Bu oldingi yilgiga qaraganda 8 foizga ko‘proq degani. Eksportning tashqi savdodagi ulushi 22,4 foizni, imkort ulushi esa 77,6 foizni tashkil qildi.

Kelasi yilda eksportning istiqbolli yo‘nalishi sifatida meva-sabzavot savdosiga e'tibor berishimiz kerak deb o‘ylayman. Bilasizmi, Rossiyada Turkiyaning mevalarini O‘zbekistonniki deb 30 foiz qimmatga sotishadi. Biz eksportni oshirish uchun 12 oy davomida xorijiy xaridorlarga sifatli mahsulot yetkazib berishni kafolatlashimiz kerak. Yaqinda Ufada bo‘ldim, u yerda mendan «Mahalliy bolalar bog‘chalarini o‘zbek meva-sabzavotlari bilan 12 oy davomida ta'minlab bera olasizmi?», deb so‘rashdi.

Endi import haqida. Samarqand viloyati importining 60 foizi yangi texnologiyalar olib kelishga to‘g‘ri keldi. Bu o‘tish davri uchun normal holat, ammo o‘zimiz ishlab chiqarishimiz mumkin bo‘lgan oddiy mahsulotlar, masalan, ketchup, makaronni ham import qilganmiz. Bu esa quvonarli holat emas.

Biz transport va logistika sohasiga e'tibor berishimiz kerak. Tadbirkorlarning pullarini Rossiya, Turkiya, Erondagi yuk tashuvchi haydovchilar olib ketyapti. O‘tgan yil biz mahsulot eksport qiladigan mamlakatlar qatoriga 6 ta yangi davlat qo‘shildi. Eksport qilinadigan mahsulotlar soni 12 xilga oshdi. Biz ularning sonini ko‘paytirishimiz kerak».

Jamshid O‘roqov tadbirkorlarning asosiy muammosi hamon kredit bo‘lib turgani haqida gapirdi: «Tadbirkorning asosiy muammosi hamon kredit va yer bilan bog‘liq. Yana ikki muammo yo‘l, gaz va elektr tarmog‘iga ulanish. Ana shu muammolarni hal qilsak, tadbirkorlik rivojlanadi.

2020 yil 1 yanvar holatida Samarqandda 25 643 ta tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat olib bormoqda. Xo‘p, tadbirkorlik sub'yektalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘pi bilan 30 daqiqa vaqt ketadi, keyinchi? U ishlab keta olishi uchun sharoit, pul va albatta, kredit kerak. Tadbirkorlar soni ikki barobarga ko‘paydi, bu esa kreditga bo‘lgan ehtiyoj ham shuncha oshdi degani. Yangi paydo bo‘layotgan tadbirkorlarni yo‘qotmasligimiz kerak. Tahlillarga ko‘ra hozir yangi faoliyat boshlagan o‘rtacha 15% tadbirkor ochilganidan so‘ng ishlay olmay sohani tashlab ketmoqda, bu ko‘rsatkich 10 foizdan oshmasligi kerak. Samarqandda 2020 yilda 8 500ta yangi tadbirkorlik sub'yektlari paydo bo‘lishi kutilmoqda».

Ma'lum bo‘lishicha, Samarqandda ishsizlik darajasi 9,2 foizga teng: «Samarqandda mehnat resurslari, ya'ni mehnatga yaroqli aholi 2 million 122 ming nafar. 148 ming nafar fuqaro ishga joylashish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan, ishsizlik darajasi esa 9,2 foiz. Bu baland, shu o‘rinda real raqamlar. Bizda 62 foiz aholi yoshlar, bu juda axir, chunki ular ishchi kuchi degani. Ayni damda Samarqand aholisning 1 488 760 nafari mehnat bilan band.

2019 yil Samarqandda 45 147 ta yangi ish o‘rinlari tashkil qilindi. Bu bizga berilgan rejaning 115 foizi degani, ammo biz bundan 3 barobar ko‘proq ish o‘rni yaratishimiz kerak».

Hokim o‘rinbosari o‘tgan yilda Samarqandga qancha sayyoh kelgani haqida ham ma'lumot berdi: «2019 yilda Samarqandda 3 million 120 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan. Ulardan 2 million 580 ming nafari ichki, 560 ming nafari xorijiy sayyohlar. Oxirgi yillarda o‘sish sezilarli darajada oshdi, masalan, 2011 yil 150 ming sayyoh kelardi. To‘g‘ri, bizda turizm ko‘rsatkichi oshdi, lekin salohiyatimiz 2 milliondan ortiq. Bu uchun esa mehmonxonalar kerak. Ayni damda Samarqandda 145 ta mehmonxona bor, mehmon uylari sifatida ro‘yxatdan o‘tganlar soni 151 ta, bu jada kam.

Menga bitta indoneziyalik katta tadbirkor aytdi: «Agar Samarqandda 5 yulduzli mehmonxona bo‘lganida, 500 nafar mehmonimni chaqirib korporativimni shu yerda o‘tkazardim.

Sayyohlar Samarqandda o‘rtacha 2,2 kun qolmoqda. Axir Samarqand tarixini 2 kunda o‘rganib bo‘ladimi? Xorijiy sayyohlar bir kun qolsa, o‘rtacha 120 dollar pul tashlab ketadi. Biz ko‘proq turizm yo‘nalishlarini ochishimiz, tarixni sayyohlarga jonlantirishimiz kerak. Bitta turistik korxona atrofidagi boshqa tadbirkorga ham foyda beradi»,— deb O‘qroqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top