21:34 / 30.01.2020
0
2397
Yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilmalar Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganilmoqda

2020 yil 1 martdan boshlab jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya hamda shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYoQSlarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Foto: O‘zneftegazinspeksiya

O‘zbekistonda mahalliy hamda xorijiy sayyohlar uchun qo‘shimcha qulay sharoit yaratish maqsadida AGTKS, AGQS va AYoQSlarni zamonaviy talablarga muvofiq jihozlash va moslashtirishga doir qator ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 sentyabrdagi “Yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 martdan boshlab jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya hamda shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYoQSlarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Qarorga muvofiq, mazkur obektlarning joriy holatini monitoring qilish bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar tuzilgan. Ularga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish uchun joriy yilning 27 yanvar kuni Respublika ishchi guruhi a'zolarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi amalga oshirildi.

Kuni kecha ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi bir qator yoqilg‘i quyish shoxobchalariga tashrif buyurib, Qarorga asosan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Ishchi guruh tomonidan sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ko‘rsatib berildi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Shu masalalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan uslubiy yig‘ilishga hududiy ishchi guruh a'zolari va barcha turdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari mas'ullari jalb etildi. Unda Qaror talablari ijrosi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 170 dan ortiq yoqilg‘i quyish shoxobchalarida zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari qurilishini joriy yilning 1 martiga qadar yakunlash choralarini ko‘rish lozimligi, qurilishi ishlari davomida ahamiyat qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda hududiy ishchi guruh faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, 2020 yil 1 sentyabrgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida bepul Wi-Fi zonalari, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish va zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlangan bittadan namunaviy AGTKS, AGQS va AYoQS tashkil etilishini ta'minlash choralarini ko‘rishga doir ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi buyurtmasi asosida “Qishloq qurilish loyiha” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan bir necha turdagi namunaviy tipdagi sanitariya-gigiyena shoxobchalari loyihalari taqdimoti amalga oshirildi hamda foydalanish uchun beg‘araz asosda yoqilg‘i quyish shoxobchalari egalariga taqdim etildi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top