14:23 / 31.01.2020
7
41470
Chiroqchida gumondorning o‘limi yuzasidan IIBning ikki xodimi qamoqqa olingan - brifingdan video

«Chiroqchi voqeasi» bo‘yicha tuman ichki ishlar bo‘limining ikki xodimi qamoqqa olingan. Qashqadaryo IIBda o‘tkazilgan brifingda ularga qanday ayblov e'lon qilingani ma'lum qilindi.

30 yanvar kuni Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasida Chiroqchi tuman ichki ishlar bo‘limida o‘g‘irlikda gumonlangan 32 yoshli fuqaro Yu.A. kaltaklab o‘ldirilishi voqeasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani va brifing o‘tkazildi. 

Unda jurnalistlar va blogerlar, shuningdek marhumning qarindoshlari ham ishtirok etishdi.

Brifingda so‘zga chiqqan ichki ishlar vazirligining axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov yig‘ilganlarga axborot berdi.

G‘iyosovning so‘zlariga ko‘ra, ichki ishlar idoralarida inson o‘limi birinchi marta ro‘y berayotgan yangilik emas. U bunday voqealar avval ham kuzatib kelingani, gumondorlar o‘z joniga qasd qilgan holatlar ham bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi.

Garchi, mazkur voqea yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari ketayotgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoq va elektron nashrlarda katta shov-shuv kelib chiqqani uchun IIV tomonidan brifing o‘tkazishga qaror qilingan.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchisi Ilhomjon Eshov ham so‘zga chiqib, tergov jarayoni haqida gapirib berdi.

Ayni paytda Chiroqchi tumani IIO FMBning xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi («Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani, gumondorlardan ikki nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangani, ishga aloqador boshqa xodimlarga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani ma'lum qilindi. Tergov harakatlari davomida ularning fuqaro o‘limiga aloqadorlik darajasiga oydinlik kiritilishi ta'kidlandi.

Mas'ullar tergov siri bois, tergovning barcha tafsilotlarini oshkor etish mumkin emasligiga alohida urg‘u berishdi.

Jurnalist va blogerlar mas'ullarga o‘z savollari bilan murojaat etishdi. Mas'ullar mazkur voqeaga va Qashqadaryo IIB tizimida ro‘y berayotgan boshqa voqealarga nisbatan ham o‘z javoblarini berishdi.

Jumladan, nega tergov xonalari mikrofon va kameralar bilan ta'minlanmagani haqidagi savolga Chiroqchi tuman IIB FMB tergov xonasida mikrofon va kameralar borligi, lekin gumondorlar tezkor xodimlarning xonasida so‘rov qilinib, kaltaklangani aytildi.

Brifingda marhumning yaqinlari ham o‘zlarini qiynayotgan savollarini berishdi. Jumladan, marhumning rafiqasi Go‘zal Abdiyeva so‘z olib, uch farzandi bilan boquvchisiz qolgani, olis tog‘ etagida oilasi bilan yolg‘iz yashayotgani, erini urib o‘ldirganlarga nisbatan xolis tergov o‘tkazilishi, adolatli jazo tayinlanishini so‘radi.

Marhumning akasi ayrim IIB xodimlariga nisbatan ishonchsizlik bildirib, ishning oxirigacha to‘liq tekshirilishiga erishishni so‘radi.

Sh.G‘iyosovning ma'lum qilishicha, mazkur voqea ortidan Qashqadaryo viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Samad Turdiyev o‘z xohishi bilan vazifasidan bo‘shagan.

Shuhrat ShOKIRJONOV, Anvar MUSTAFOQULOV, Usmon IBODOV,
Kun.uz muxbirlari

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top