15:55 / 31.01.2020
0
4788
G‘ildirakli yangi transport vositalarini ekologik sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

2022 yil 1 yanvardan boshlab zaharlilik darajasi ”Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan ”M” va ”N” toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalarini foydalanish va ularni sotish maqsadida ”vaqtincha olib kirish” va “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirish man etiladi.

Foto: Depositphotos

G‘ildirakli yangi transport vositalarini ekologik sertifikatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorda aytilishicha, O‘zbekiston Prezidentining “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2019 yil 30 oktyabrdagi Farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab zaharlilik darajasi ”Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan ”M” va ”N” toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalarini foydalanish va ularni sotish maqsadida ”vaqtincha olib kirish” va “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga joylashtirish man etilgan. 

Hujjat bilan, O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan ”M” va ”N” toifalardagi g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Qarorga ilova qilingan nizomga ko‘ra, g‘ildirakli yangi transport vositasiga muvofiqlik haqidagi ekologik sertifikatni olish uchun ariza beruvchi ekologik sertifikatlash organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ariza; O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga kirganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan yuk tashish hujjatlarining nusxasi (yuk xati, invoys, hisobfaktura); g‘ildirakli yangi transport vositasining pasporti (g‘ildirakli transport vositasi ishlab chiqarilgan va unga taqdim etilgan sanasi ko‘rsatilgan hujjat) yoki hisob-ma'lumotnomasi; g‘ildirakli yangi transport vositalari uchun — ekologik standartdan past bo‘lmagan ekologik toifa me'yorlariga g‘ildirakli yangi transport vositalarining mosligini tasdiqlovchi hukjatlar nusxasi (sinov bayonnomasi, xulosa, sertifikatlar, guvohnoma).

Hujjatlar ekologik sertifikatlash organiga ”Yagona darcha” bojxona axborot tizimi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekologik sertifikatlash organiga murojaat qilish orqali taqdim etiladi.

Ekologik sertifikatlash organi taqdim etilgan g‘ildirakli yangi transport vositasining hujjatlarini tahlil qiladi va ekologik sertifikatlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi yoki agar taqdim etilgan hujjatlar nizomda ko‘rsatilgan talablarga javob bermasa, bir ish kuni mobaynida tegishli kamchiliklar ko‘rsatilgan holda ariza beruvchini xabardor qiladi.

Bunda ariza beruvchi hujjatlar bilan bog‘liq kamchiliklarni o‘n kalendar kunda bartaraf etishi va tegishli hujjatlarni ekologik sertifikatlash organiga taqdim etishi lozim, aks holda ariza beruvchiga ekologik sertifikatlash organi hujjatlarni ”Yagona darcha” bojxona axborot tizimi vositalari bilan yoki aloqa pochtasi orqali uning manziliga qaytaradi.

Ekologik sertifikat ”Yagona darcha” bojxona axborot tizimining elektron ma'lumotlar bazasiga kiritish orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariza beruvchi (ariza beruvchining ishonchli vakili)ga taqdim etish bilan beriladi.

Ushbu qaror 2022 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top