12:15 / 31.01.2020
0
7107
Koronavirus: AQSh o‘z fuqarolaridan Xitoyga bormaslikni talab qildi. Italiya va Isroil Xitoy bilan aviaaloqani to‘xtatdi

AQSh davlat departamenti yangi turdagi koronavirus tarqalishi sababli Xitoyni tashrif buyurish qat'iyan tavsiya qilinmaydigan davlatlar “qizil” ro‘yxatiga kiritdi.  

Foto: Aly Song/Reuters

“Xitoyga yangi koronavirus sababli bormang”, deyilgan davlat departamenti bayonotida. 

Xitoyda qolayotgan amerikaliklarga u yerni tark etish tavsiya qilingan.

Avvalroq davlat departamenti koronavirus sababli Pekindagi elchixonasi va Xitoydagi konsulxonalari xodimlarini qisman evakuatsiya qilishga ruxsat bergan.

Italiya o‘z hududida koronavirusdan kasallanish bilan bog‘liq 2 ta holat tasdiqlangach, Xitoy bilan aviaaloqani to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte ma'lum qildi. 

Kontening ta'kidlashicha, Rimda 2 nafar xitoylik sayyohda koronavirus aniqlangan.

Bundan tashqari, Isroil ham Xitoydan keluvchi aviareyslarni qabul qilmaslikka qaror qildi. Bu haqda Times of Israel nashri xabar berdi. 

“Biz Xitoydan keluvchi birorta reysga davlatimizda qo‘nishga ruxsat bermaymiz”, deb aytgan Isroil sog‘liqni saqlash vaziri Yaakov Litsman.

Uning ta'kidlashicha, Xitoyda bo‘lgan isroilliklar vatanlariga qaytgach 2 haftalik karantinga qo‘yiladi.

Koronavirus tarqalishi sababli turli davlatlar aviakompaniyalari Xitoyga parvozlarni kamaytirmoqda yoki to‘xtatmoqda.

Jumladan, avvalroq Janubiy Koreyaning Air Seoul, Asiana Airlines, Jeju Air va Jin Air, Indoneziyaning Lion Air, Finlyandiyaning Finnair, Makaoning Air Macau, Singapurning Cathay Pacific Airways va Jetstar Airways, Kanadaning Air Canada, AQShning American Airlines, Delta va United, Germaniyaning Lufthansa, Fransiyaning Air France, Britaniyaning British Airways aviakompaniyalari parvozlarni to‘xtatgandi.  

Bu aviakompaniyalar qatoriga Turkiyaning eng yirik aviakompaniyasi Turkish Airlines ham qo‘shildi. Aviakompaniya bayonotida ta'kidlanishicha, Pekin, Guanchjou, Shanxay va Sian shaharlariga 9 fevralgacha aviareyslar bekor qilinadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top