12:36 / 31.01.2020
3
49474

Koronavirusdan tuzalib ketgan ayol kasallik haqida so‘zlab berdi

Xitoyda koronavirusga chalingan Tszyan familiyali ayol kasallikdan forig‘ bo‘lgach, intervyu berdi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligiga tayanib InoSMI nashri xabar berdi. 

Foto: Reuters /Tyrone Siu

Ayolning ta'kidlashicha, u 44 yoshda bo‘lib, Ushan uyezdining Chunsin shahrida yashaydi. Ayol oxirgi yillar yangi koronavirus tarqalish markazi hisoblangan Uxan shahrida ishlab kelgan.

“15 yanvarda men Yangi yilni kutgani ona shahrimga jo‘nadim. Turmush o‘rtog‘im meni kutib olish uchun temir yo‘l vokzaliga keldi va mening ahvolim yomonligini ko‘rdi. U shu zahotiyoq meni mahalliy shifoxonaga olib bordi. U yerda davolashning dastlabki bir necha kuni samara bermagach, 21 yanvarda meni “Sansya” markaziy shifoxonasiga ko‘chirib o‘tkazib, izolyatorga joylashtirishdi. Menda yangi turdagi koronavirus keltirib chiqaruvchi zotiljam aniqlandi. Men bu kasallikka uchragan Chunsindagi ilk bemor bo‘ldim, shifokorlar va hamshiralar menga alohida e'tibor bilan qarashdi”, deb aytgan ayol.      

Ayolning ta'kidlashicha, har kuni unga turli vositalar purkab turishgan, virusga va infeksiyaga qarshi davolash muolajalarini amalga oshirishgan, shifokorlar hattoki xitoy tabobati usullarini qo‘llashgan. 

“Oxirgi kunlar kasallikning alomatlari yo‘qola boshladi. Shifokorlar menga javob berish mumkinligini aytishdi. Shifoxona davolash uchun mendan bir fen ham olmadi [1 fen – 0,01 yuan]. Mendan “bu kasallik qo‘rqinchlimi?” deb so‘rashmoqda. Fikrimcha, eng asosiysi qo‘rqmaslik va iloji boricha yaxshiroq himoyalanish, himoya niqobini taqib yurish va qo‘llarni tez-tez yuvib turish zarur. Agar tana harorati ko‘tarilib, yo‘tal yoki boshqa alomatlar paydo bo‘lsa, shu zahotiyoq shifoxonaga borish lozim. Seni alohidalab qo‘yishlaridan xavotirlanmaslik kerak, ruhiyatni cho‘ktirmay, shifokorlar ko‘rsatmalariga quloq solish, ularga ishonish lozim va shunda albatta tuzalib ketasiz”, deb tavsiya bergan ayol.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan vafot etganlar soni bir kun ichida 43 nafarga oshib, 213 nafarga yetdi. Kasallanganlar soni 9692 nafarni, davolanganlar soni 171 kishini tashkil qilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top