18:52 / 31.01.2020
10
96400

«Million dollar taklif qilishdi» – Toshkentdan topilgan xazina taqdiri nima bo‘ldi?

Kun.uz bundan bir yil muqaddam Toshkentda qadimiy xazina topilgani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng OAV, jumladan televideniyeda bu haqda turli ko‘rsatuv va materiallar tayyorlanib, ommaga e'lon qilindi.

Jumladan, «Madaniyat va ma'rifat» telekanali lavhasida topilmalarning barchasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirilgani ko‘rsatildi.

Ammo xazinani topgan mustaqil izlanuvchi Muhammadbobur Yusupovning aytishicha, xazina to‘laligicha muzeyga topshirilgan emas – uning orasidagi ba'zi bir qimmatbaho buyumlar qayerdaligi hozir noma'lum.

«Hozircha xazina taqdiri haqida ma'lumot bera olmayman. Oxirgi marta ushbu xazina Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirilgani hammaga ma'lum. Shundan so‘ng bu ish davom etishi rejalashtirilgan edi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri markazida joylashgan binolarimizda lazer va rentgen skaner qurilmalari yordamida yana bo‘shliq borligi aniqlandi. Qidirish ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan edi. Hozirda ushbu ishlar natijasi nima bo‘lgani bo‘yicha menda aniq ma'lumot yo‘q.

Bu – o‘zbek xalqining boyligi. Niyatim – xazinadagi buyumlar tegishliligi bo‘yicha davlat muzeylaridan o‘rin olsa, uzimiz va kelajak avlod uchun tariximizning ochilmagan qirralarini ochib beradi.

Xazinaga egalik qilish uchun ko‘plab chet el tashkilotlari katta takliflar bilan oldimga kelishdi. Ular kolleksiya tarkibidagi qadimgi qo‘lyozmalar, diniy manbalar, masalan, Iso payg‘ambar va payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning tarixlari bilan bog‘liq o‘ta noyob manuskriptlarga qiziqish bildirishgan edi. Ikkinchisi, san'at asarlari – Toshkent shahrida yashagan knyaz Nikolay Romanovning saroyidan yo‘qolgan portret va kartina suratlari bo‘ldi.

Keyingi e'tibor bu – J.J.Audubonning Londonda nashr qilingan «Amerika qushlari haqida»gi kitobiga bo‘ldi. Bu kitobni olib chiqib ketishga ko‘plab urinishlar bo‘ldi. Ushbu kitobga birinchi kelgan odam menga 1 mln AQSh dollari miqdorida pul taklif qildi. Men bu kitob sotilmasligini aytib, uni Milliy universitet kutubxonasiga olib kelganman. Kitob London shahrida nashr etilgan. Ichidagi suratlari qo‘lda chizilgani uchun judayam noyob hisoblanadi.

Yuqorida aytib o‘tganlarimning hammasi xavfsizligini ta'minlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirilgan. Xazina menga qaytarilishiga kelishilgan edi. Hozircha qaytarilgani yo‘q.

Bu kolleksiyalarning taqdiri menga ma'lum emas.

Xazina haqida batafsil ma'lumot – qayerdan topildi, aynan nimalar topildi – bular hali e'lon qilingani yo‘q. Sababi – xazina topilgan binoda qidiruv ishlari tugatilgani yo‘q. Aytib o‘tganimdek, binoda yana ikkita bo‘shliq mavjud. Agar ma'lumotni e'lon qilsak, xazina izlovchilar tomonidan talab ketilishi holati bo‘lishi mumkin. Shu sababli bino nomi hozircha oshkor etilgani yo‘q. Topilmalarni esa ekspertiza xulosasidan keyin asta-sekinlik bilan e'lon qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Xazinaning qolgan qismlari bo‘lishi mumkin, deb gumon qilinadi. Hali aniq dalilga ega emasmiz. Lekin bino yetarli darajada davlat muhofazasiga olinmagan», – deydi Muhammadbobur Yusupov.

U topilgan xazinadagi har bir ashyoni suratga olgani va belgilarini eslab qolganini ta'kidladi. Qonunchilikka asosan, xazina topgan shaxs xazina qiymatining 50 foizi miqdorigacha mukofot puli olishi kerak. Ammo ma'lum bo‘lishicha, izlanuvchiga bu mukofot berilmagan.

«Hozircha berilgani yo‘q. Agar xazinamiz O‘zbekistondan olib chiqib ketilmagan bo‘lsa, uning taqdiri hal etilgandan so‘ng balki bu ishlar amalga oshib qolar», – deydi Muhammadbobur Yusupov.

Shundan so‘ng O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga borib, topshirilgan topilmalar haqida ma'lumot oldik.

Muzey bosh muhofizi Ravshan G‘ulomovning aytishicha, mustaqil izlanuvchi Muhammadbobur tomonidan topilgan 92 dona buyum tegishli dalolatnoma asosida 2019 yil 28 iyul sanasida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirilgan.

«Bular – turli ko‘rinishdagi kitoblar, ikonalar, tangalar va 2 dona mikroskop. Faqat shu 92ta buyum ro‘yxat asosida qabul qilib olingan. E'lon qilinganida ko‘rganman, stolga yoyilgan buyumlar bor edi – bu buyumlarning bir qismi [shu 92ta buyum orasida] bor. Qolganidan xabarim yo‘q», – dedi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bosh muhofizi.

To‘qsondan ortiq bu buyumlardan tashqari, Muhammadbobur Yusupov 2018 yil oxirida muzey direktori Jannat Ismoilovaga 60dan ziyod kitob va hujjatlarni topshirganini aytmoqda. Jannat Ismoilovaning aytishicha, bu ashyolar hali hujjatlashtirilmagan.

Shuningdek, tadqiqotchining ma'lum qilishicha, muzeydan o‘rin olishi lozim bo‘lgan qadimiy qo‘lyozmalar va qimmatbaho kitoblar, shuningdek topilma tarkibidagi boshqa bir qancha ashyolarga chet el tashkilotlari va kolleksionerlari tomonidan qiziqish bildirilib, ularni katta pul evaziga sotish taklif qilingan.

Shundan so‘ng Muhammadbobur bu haqda Davlat xavfsizlik xizmatiga xabar beradi va bir necha million dollar evaziga sotish taklif qilingan noyob kitoblar, qo‘lyozmalar, xaritalar, hujjatlar va ikonalarni Davlat xavfsizlik xizmatiga topshiradi.

Biroq oradan qariyb bir yil vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, ushbu kitoblarning mansubligi va kelgusi taqdiri haqida biror bir ma'lumot berilmagan.

Tadqiqotchi Muhammadbobur Yusupov katta tarixiy ahamiyatga ega bu topilmalar taqdiri ijobiy hal etilishi, kimlarningdir shaxsiy manfaatlariga emas, tegishli muzeylardan o‘rin olishi lozim, deb hisoblaydi.

Tegishli idoralar ushbu masalaga e'tibor qaratib, topilmalarning kelgusi taqdiriga oid batafsil ma'lumot berishiga umid qilib qolamiz.

Quyida xazina tarkibida bo‘lgan ayrim buyumlarning suratlari keltirib o‘tiladi.

Qur'on to‘plamlaridan biri

Islom dini va Muhammad alayhissalom tarixiga oid manuskript (Buxoro amirining saroyidagi xazinasida saqlangan, XV asr)

Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar. Arabiston, arablar, arab tili, Makka, Madina, Ka'ba tarixi, so‘nggi Muhammad ismli oxirzamon payg‘ambari kelishi haqida bashorat va rivoyatlar, Muhammad payg‘ambarga tushirilgan din va vahiylar tarixi, Islom lashkari zafarlari, Islom dinini dunyoga yoyilishi tarixi (asar VII-VIII asrlarda yuz bergan muhim tarixiy voqeliklardan guvohlik beradi)

Amir Temur ixlos qo‘ygan avliyo va allomalar, uning yonida unga yo‘l ko‘rsatgan, davlat boshqaruvi va harbiy yurishlar sirlarini o‘rgatgan ustozlari tarixi (asarda Amir Temur, musulmon dunyosida tug‘ilib o‘sgan, islom dini, e'tiqodi yo‘lida xizmat qilib jon bergan 30dan ortiq Movarounnahr allomalari haqida ishonchli tarixiy ma'lumotlar, Amir Temurga pirlari tomonidan Islom shariatiga muvofiq, oxiratda Allohga qaytishni unutmagan holda, adolat bilan davlatni boshqarish haqidagi o‘gitlari yozilgan, muhrlar bilan haqiqiyligi va ishonchliligi tasdiqlab qo‘yilgan. XIV asr oxiri – XV asr boshlari)

Payg‘ambarlar va ularning avlodlari shajarasi va tarixi (Buxoro amirining saroyidagi xazinasida saqlangan. Rossiya imperatorining rezident maslahatchisiga sovg‘a qilingan. XIV-XV asrlar)

Buxoro amirining mol-mulki ro‘yxati, Shayxulislom fatvolari, Haj safarida o‘qib ketiladigan duolar, Arabiston, Afg‘oniston va Buxoro amirliklari chegarasi xaritalari (XVI-XVIII asrlar)

1745-1747 yillar davomida germaniyalik xaritashunos sayyoh tomonidan Xiva xonligi va Buxoro amirligi, Venetsiya va Xitoy savdo yo‘li haqida chizilgan xarita va ma'lumotlar

Usmon Qur'onini Ufadan Toshkentga olib kelgan zobitlar boshlig‘iga tegishli daftar

Knyaz Romanovning kundaligi

Knyaz N.K.Romanovning Rossiya imperatorlari bilan yozishmalari

Rossiya davlati va hukmdorlari tarixi solnomalaridan birining ichki surati, Romanovlar uyi kolleksiyasi (XVIII asr)

Qadimgi yahudiy xalqi va dini tarixi bitiklari (Qishki saroy kolleksiyasi)

Injil. Moskva knyazligida ko‘chirilgan manuskript (Qishki saroy, Rossiya imperatorining shaxsiy kolleksiyasi)

Injil manuskriptlaridan biri

Nasroniylik tarixi (1604 yil)

Kiyev Rusida ko‘chirilan lotin alifbosida qadimgi slavyan tilida yozilgan Iso Masih va Bibi Maryam, apostollar (havoriylar) va ibodat haqidagi rivoyatlar (Kiyev Rusi cherkovi)

Germaniya, Galliya, Italiya, Yunonistonning qadimgi tarixi. Gotika uslubida lotin, nemis, yunon, ibroniy tillarida yozilgan va suratlar bilan bezatilgan katta hajmli manuskript (1492 yil, Frankfurt)

Knyaz N.K.Romanovning shaxsiy xonasidagi marmar haykallar va suratlardan namunalar

N.K.Romanovning seyfida saqlangan yuzlab oltin tangalar va oltin quymalardan namunalar

Rahmatillo Isroilov 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top