23:41 / 31.01.2020
3
61585
Shavkat Mirziyoyev: Tibbiyot tizimida katta o‘zgarishlar kutilyapti

Yaqin oylar davomida O‘zbekiston tibbiyot tizimida katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligining viloyat boshqarmalari va tuman bo‘linmalari tugatiladi, deb ma'lum qildi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan yig‘ilishda tibbiyot sohasida ma'muriy islohot qilinishini ta'kidladi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Yaqinda ko‘rasizlar, tibbiyotda katta o‘zgarishlar bo‘ladi, byurokratiya yo‘qoladi. «Oblzdrav», «rayzdrav» tizimi O‘zbekistonda butunlay tugatiladi.

Ixtisoslashgan markazlarni ham mutlaqo o‘zgartiramiz. Bizda 16ta markaz bor, ammo ularning barchasi Toshkentda joylashib qolgan. Bu markazlar O‘zbekiston uchun qilingan, faqat Toshkent uchun emas. Shuning uchun hamma filiallarga mustaqillik beramiz. Shu yo‘nalishlar bo‘yicha eng og‘ir viloyatlarga borib yangi markaz quramiz», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev aholi orasida oziq-ovqat madaniyatiga amal qilinmasligi oqibatida turli kasalliklar kelib chiqayotganiga alohida e'tibor qaratdi.

«Men yaqinda yig‘ilish qilib, tibbiyot xodimlari bilan shu mavzuda gaplashdim, televizorda ko‘rdilaring. Vazirning birinchi o‘rinbosari meni oldimda 8-10ta masala qo‘ydi. Masala – faqat «ber-ber...» Men bu pulni topib beraman, lekin senga [Bahodir Yusupaliyevga. – tahr.] bitta savol: tibbiyot xodimlari odamlarimizning oziq-ovqat madaniyatini o‘zgartirish bo‘yicha qanday qadam qo‘ydi? Oziq-ovqat madaniyati qani? Gapirmaysizlar buni.

Nega qishloqlarda oziq-ovqat madaniyati yo‘q. Ovqatlanish madaniyati yo‘qligi uchun ham odamlar 50 yoshga borib, 20-30 kilo qorinni ko‘tarib yuradi. Bu gaplarni kim aytishi kerak? Tibbiyot xodimlari aytishi kerak. To‘g‘ri, pul kerak, lekin bu ham kerak-ku. Odamlarda, xalqimizda qachon madaniyat paydo bo‘ladi bu borada? Bu bo‘yicha menga biror kishi taklif bergani yo‘q», – dedi davlat rahbari.

Mirziyoyev dunyo fanida yangi yo‘nalish – fitomiks fanini O‘zbekistonda rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini ta'kidladi.

«Fitomiks bu – oziq-ovqat tarkibi va ularni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan texnologiyalarni inson organizmi va salomatligiga ta'sirini o‘rganuvchi fan. Shuni xalqimizga aytaylik va O‘zbekistonda bu fanni rivojlantiraylik.

Kecha men «Nuroniy» jamg‘armasi rahbarlarini chaqirib aytdim, 60 yoshdan oshgan odamlarimiz har kuni 2-5 km kechki payt yursa. Bu odamlarimizning sog‘lig‘i uchun. Bizda bu borada muhit paydo bo‘lsin. Bir kunda qancha osh, qancha go‘sht yeyish mumkin, mana shu masalani ham odamlarga o‘zimizning tilda yetkazaylik. Buni qilsa bo‘ladi, bunga milliardlab investitsiya kerak emas-ku.

Sog‘liq-sog‘liq deymiz, sog‘liqning asosi bu – madaniyat. Shu boisdan, biz yaqinda sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish tizimini tubdan takomillashtirmas ekanmiz, natijaga erisholmaymiz.

Shuning uchun fitomiks fanini rivojlantirishga shaxsan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, butun tizimi bilan mas'ul bo‘ladi», – deb ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident 2020 yilda biologiya sohasidagi ilmiy izlanishlarga ham alohida e'tibor qaratish zarurligini ham qayd etdi.

«Bu o‘z navbatida farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish uchun fundamental texnologik asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda biologiya yo‘nalishida 7ta ilmiy tadqiqot muassasalarida 600 nafarga yaqin ilmiy xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yo‘nalishda olimlarimiz tomonidan tirik organizmlar va insonning biologik xilma-xilligini o‘rganish, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini, biopreparatlar, yangi dori va diagnostika vositalarini yaratish texnologiyalari ishlab chiqarilgan. Biroq sohada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar hali juda ko‘p.

Birinchidan, 2025 yilga kelib jahonda biotexnologiya mahsulotlari qiymati 2 trln dollarga yetadi. Bu olimlarimiz uchun sohani rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar degani», – dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bu borada Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov va Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshevga 2 oy muddatda agro va biotexnologiyalar, oziq-ovqat, shu jumladan, fitomiks, biotibbiyot va farmabiologiya yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirishga qaratilgan qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasini topshirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top