10:19 / 31.01.2020
0
6290
Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi turoperatorlarga Xitoyga turlar sotuvini to‘xtatib turishni tavsiya qildi

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi koronavirus xavfi tufayli O‘zbekistondagi turoperatorlarga murojaat qilib, ulardan Xitoyga turlar sotuvini to‘xtatib turishni tavsiya qildi.

Xitoyning Uxan shahrida tarqalgan koronavirus bugunga kelib Avstraliya, Vetnam, Janubiy Koreya, Malayziya, Nepal, Singapur, AQSh, Tailand, Fransiya, Yaponiya va qator boshqa mamlakatlarda aniqlangan.

Xitoy nashrlariga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi tufayli mamlakat hukumati mahalliy turoperatorlarga va turagentlarga mamlakat bo‘ylab hamda xorijga chipta sotishni taqiqlagan. Shu bilan birga, Rossiya, Malayziya, Filippin, Gruziya kabi qator davlatlar ham epidemiologik vaziyat normallashuviga qadar Xitoyga va Xitoydan amalga oshiriluvchi turlarga taqiqlov belgiladi.

O‘zbekiston hukumati ham koronavirusning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka oid choralar ko‘rmoqda. Shu munosabat bilan Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi mamlakatda faoliyat yuritayotgan turoperator va turagentlarga quyidagilarni tavsiya qildi:

  • epidemiologik vaziyat normallashuviga qadar Xitoyga turlar sotuvini to‘xtatib turish;
  • Xitoyga safar bo‘yicha xarid qilingan yoki sotib olingan turlarni sanitar vaziyat normal bo‘lgan mamlakatlarga almashtirish;
  • qonunchilikka muvofiq, sayyohlarni yo‘l olayotgan mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan xabardor qilish.

Shu bilan birga, joylashtirish vositalari va turoperatorlar (turagentlar)dan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi sayyohning salomatligi yomonlashgan holatda yaqin oradagi tibbiyot muassasasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligini boxabar qilish so‘ralgan.

Jismoniy va yuridik shaxslar Turizmni rivojlantirish qo‘mitasiga murojaat qilgan taqdirda quyidagilar tavsiya qilingan:

  • omma yig‘ilgan joylarda hamda taom iste'molidan avval qo‘llarni yaxshilab yuvish;
  • kasallikning ilk belgilari namoyon bo‘lgan taqdirda zudlik bilan turoperatorga, joylashtirish vositasi yoki yaqin oradagi tibbiyot muassasasi personaliga yordam so‘rab murojaat qilish;
  • O‘zbekiston hududida tibbiy yordam so‘rab murojaat qilingan taqdirda tibbiyot muassasalari personalini kelgan vaqti va joyi haqida ma'lumot berish;
  • nafas organlari himoya vositalari (niqob)dan foydalanish;
  • bozorlar, hayvonot bog‘i, ommaviy-madaniy tadbirlarga bormaslik;
  • faqat termal ishlov berilgan taom va butildagi suvni iste'mol qilish.
Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top