21:38 / 01.02.2020
1
6988

Andijon viloyati hokimi «Xalq ta'limi homiysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Xalq ta'limi vazirligi Shuhratbek Abdurahmonovni 2019 yilda maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun mukofotladi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Xalq ta'limi vazirligi tomonidan «Xalq ta'limi homiysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, viloyat rahbari «2019 yilda xalq ta'limi muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatgan alohida e'tibori va yordami uchun» e'tirof etilgan.

Ko‘krak nishonini 1 fevral kuni Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev tantanali ravishda topshirdi.

Ma'lumot uchun, Andijon viloyatida 764ta maktab, 17ta «Barkamol avlod» bolalar maktablari va bitta bolalar shaharchasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Umumta'lim maktablarida ta'lim olayotgan 555 ming 448 nafar o‘quvchiga 39 ming 867 nafar o‘qituvchi ta'lim-tarbiya beryapti.

2019 yili davlat dasturlari asosida viloyatda jami 53ta umumta'lim maktablarida qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 2ta yangi maktab qurildi, 27ta maktab kapital-rekonstruksiya va 24ta maktab kapital ta'mirlandi. Ushbu ishlarga 177,1 mlrd.so‘m mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, mahalliy budjetdan ortirilgan mablag‘lar hisobidan qo‘shimcha ravishda Shahrixon va Ulug‘nor tumanlarida yangi maktab binolarini qurish uchun 14,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilib, Shahrixon tumani Karnaychi MFY hududida yangi maktab qurib foydalanishga topshirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top