17:52 / 01.02.2020
0
9627

Bankdan kredit olib «yeb ketgan» holatlar ham bo‘lyapti – Biznes ombudsman

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – biznes ombudsman tadbirkorlar huquqlari va manfaatlarini yetarli darajada himoya qila olmoqdami? Shunday bo‘lsa, ba'gi tadbirkorlar o‘rtasida biznes-ombudsman faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik bildirilishiga sabab nima? Umuman, mazkur institut tadbirkorlarga qanchalik yordam berayapti. Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov Kun.uz muxbirining shu kabi savollariga javob berdi. 

«Sudlarga tadbirkorlar manfaatlarida 23 mlrd so‘mlik da'vo arizalari kiritildi. Shundan 21 mlrd so‘m mablag‘ tadbirkorga undirib berildi. Qolaversa, har bir kiritilgan da'vo arizasi bo‘yicha bizning xodim borib, tadbirkor advokati sifatida qatnashdi. 2-33 dan davom etadi. Mana bizlar 423ta ta'sir chorasi qo‘lladik. Bu ham katta narsa. Shundan 138tasida ma'muriy huquqbuzarlik uchun jarimalar solingan. Ular ham davlat odamlari, ammo tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashgani, to‘sqinlik qilgani uchun jarimaga tortilgan.

Qolaversa, 1200ta tadbirkorlarni tekshirish amaliyoti o‘tkazilgan bo‘lsa, shundan 529tasi rad etildi. Bizlar ishlamayotgan bo‘lsak, tekshiruvchi organ tadbirkorlar faoliyatini o‘rganar edi. Noqonuniy tekshiruvlarga yo‘l qo‘yganligi uchun ham 40 nafardan ortiq mansabdor shaxsni ma'muriy javobgarlikka tortganmiz. Nega, tadbirkor ariza yozgani uchun»

-  Tadbirkorlar biznes-ombudsman yoki Savdo-sanoat palatasi faoliyatidan norozilik izhor qilishadi. Ayb kimda deb o‘ylaysiz? Tadbirkorlarning o‘zidami? 

«Ayb kimdaligini sizga aniq ayta olmayman. Chunki, har bir inson xato qiladi. Har qanday tashkilotga nisbatan salbiy fikr bor».

-  Tizimli ravishda xato qilishi kerak emas-ku...

«Tushunyapman. Ammo, xatolar bilan birga, yutuqlarimiz ham bor-ku. 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 2 mingta atrofdagi ariza ijobiy hal qilindi. Shu bilan birga, tadbirkorning o‘zi ham o‘qishi kerak, o‘zining huquqini tushunishi kerak. 

Bizdan qonunga asoslangan huquqini himoya qilishni so‘rasa, biz yordam beramiz. Ammo, u huquqini bilmaganligi bois, noqonuniy narsani ham so‘rashi mumkin. Uni aybdor demayman, lekin u ham o‘z huquq-majburiyatlarini o‘qib-o‘rganishi kerak. 

O‘qimishli tadbirkor, kredit olganda ham shu kreditni nimagadir sarflab, daromad olishni ko‘zda tutadi. Bankdan kredit olib “yeb ketgan” holatlar ham bo‘lyapti. Nega? Chunki, “bankdan kredit olgani tadbirkor bo‘lib qoldi”, degani emas. Tadbirkor o‘qisagina ishi rivojlanadi. Pulni olib, mablag‘ni unga-bunga urib, aylantirgan qiynaladi», - dedi Dilmurod Qosimov. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top