14:55 / 01.02.2020
2
142691
Prezident koronavirus bo‘yicha farmoyish chiqardi

Prezident farmoyishi bilan respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi ko‘rilayotgan choralar haqida batafsil ma'lumot berdi.

29 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida» prezident farmoyishi qabul qilindi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligidan ma'lum qilishlaricha, 28 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir boshchiligida Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazilgan.

31 yanvarda O‘zbekistonga 28 mingdan ortiq kishi kirib kelgan

Kecha I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga xorijdan 38ta samolyot uchib kelib, 4194 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan, shulardan 84 nafari Xitoyda o‘qiydigan talabalardir.

«Termometriyadan o‘tkazilgan fuqarolar orasida 1 nafar Rossiyadan uchib kelgan fuqaroda tana harorati yuqoriligi aniqlangan, shifokorlar tomonidan epidemiologik surishtiruv o‘tkazilganda tana harorati ko‘tarilgan bemor, koronavirus kasalligiga gumon qilingan yoki kasallik bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lmaganligi aniqlangan», – deyiladi agentlik xabarida.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ markaziy SESiga qarashli 6ta SKPdan 5ta poyezdda 953 nafar fuqaro o‘tishgan va ular o‘rtasida tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanmagan.

Davlat chegara posti orqali o‘tuvchi sanitar-karantin punktlari – Toshkent viloyatining «G‘isht-ko‘prik», «Oybek», Surxondaryoning «Ayraton», «Gulbahor» va Daryo porti hamda Andijon viloyatining «Do‘stlik» SKPlari orqali 2158ta avtotransport, 23570 nafar fuqaro o‘tkazilgan, ular orasida yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan.

Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olib kelingan, namunalar orasida koronavirus topilmagan.

31 yanvar holatiga respublika fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan.

Ta'kidlanishicha, Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligida tashkil qilingan shtab 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda.

«Agentlik mutaxassislari tomonidan ishonch telefonlari orqali koronavirusning oldini olish borasida Xitoydan kelayotgan va o‘qiyotgan talabalar va ularning ota-onalari, tadbirkorlar va boshqa soha xodimlariga tegishli tushuntirishlar va tavsiyalar berib borilmoqda.

31 yanvar kuni Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida koronavirus infeksiyasi etiologiyasi, klinikasi va profilaktikasi hamda kasallikka gumon qilinganda tibbiy xodimlarni tezkor harakatlari mavzusida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasining reanimatologlari, infeksionistlari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining epidemiologlari o‘rtasida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Barcha ma'muriy hududlarda reanimatolog, infeksionist, epidemiologlardan iborat 3tadan tezkor harakatlar brigadalari tashkil etildi, shuningdek mazkur o‘quv-seminarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining vakillari ishtirok etishdi», – deyiladi agentlikning kunlik ma'lumotida.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyiga kelib virus qurbonlari soni 259 nafarga yetdi, infeksiya yuqtirgan soni 11791 kishini tashkil etmoqda. Bir kun ichida virus bilan kasallanganlar soni 2102 nafarga ko‘paygan. Shu bilan birga, sog‘ayib ketganlar soni 243 nafarga yetdi.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top