09:17 / 01.02.2020
6
19719
Propiska tizimi qanday paydo bo‘lgan?

2020 yil 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga qilgan murojaatnomasida bu yil bir qator yo‘nalishlarda islohotlar olib borilishi va unda qilinishi kerak bo‘lgan vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Foto: KUN.UZ

Islohotlardan biri sifatida propiska tizimiga o‘zgartirish kiritilishi davlat rahbari tomonidan ta'kidlab o‘tildi. Respublika Parlamenti va Hukumatiga, 2020 yil 1 apreliga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib, aniq takliflar ishlab chiqilishi belgilab berildi. Insonlarni qiynab kelayotgan propiska tizimiga o‘zgartirish kiritilar ekan, bu kabi tizim qayerda, qanday qilib, kimlar uchun, qaysi huquqiy asoslarga ko‘ra vujudga kelganiga to‘xtalib o‘tamiz.

Propiska tizimining tarixi, uning vujudga kelishi sobiq SSSR davriga borib taqaladi. Sovetlar hukumati tuzilgan vaqtda aholi mamlakat bo‘ylab bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib yurishiga hech qanday to‘sqinlik joriy qilinmagan edi. Aholini mehnat daftarchasi, harbiy bileti bo‘lishi, ularning shaxsini tasdiqlab, ishga joylashishlariga asos bo‘lgan. Lekin, fuqarolar urushidan keyin bu tizimlar bekor qilinib, 1923 yildagi Xalq komissarlari kengashi (SNK) Rossiya sovet sotsialistik federativ respublikasining (RSFSR) dekreti asosida, fuqarolar bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chib yurishini belgilovchi propiska tizimi asta-sekin vujudga kela boshlaydi.

1932 yil 27 dekabr kuni «Butun SSSR hududida bo‘ylab yagona pasport va majburiy propiska tizimini joriy qilish bo‘yicha» Butunrossiya markaziy ijro qo‘mitasi (VsIK) va Xalq komissarlari kengashi (SNK) qarori huquqiy asos vositasini o‘tab, Butun SSSR hududida propiska tizimi vujudga kelishiga olib keladi. Shundan keyin SSSR hududi bo‘ylab, ichki ishlar bo‘yicha xalq komissariati (NKVD) qoshida tashkil etilgan Pasport Viza Xizmatiga (PVS) yagona pasport, propiska tizimini amalga oshirishi vazifasi yuklanadi.

Ushbu yillar davomida propiska tizimi joriy etilishining asosiy sabablari sifatida, o‘sha vaqtdagi SSSR bo‘ylab kolxozlashtirish, industriyalashtirish siyosatini olib borilishi, hududlardagi ishchi kuchini boshqarish va aholini ommaviy tarzda shaharlarga ko‘chib borishining oldini olish orqali o‘sha hududdagi ishchi kuchi yetishmasligini bartaraf etishdan iborat edi. Ushbu vaziyatda dehqonlarga nisbatan alohida tartib joriy etilib, ular bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishdan oldin o‘zlari biriktirilgan kolxozlardan maxsus ruxsatnoma olishlari talab etilar edi. Chunki, dehqonlar kolxozlarga birlashgan holda faoliyat yuritib, hudud iqtisodiyotini rivojlantirishda asosiy o‘rin egallar edi. Ularning tegishli tartibda ruxsat olmasdan o‘z hududidan chiqishi jinoiy javobgarlikka tortilishiga olib kelgan.

Shuningdek, yuqoridagi huquqiy hujjatlar asosida SSSRning Moskva va Leningrad kabi yirik shaharlariga qishloqlardan odamlar oqib kelishi, propiska qilinishiga cheklovlar o‘rnatilishi va unga ruxsat faqat maxsus tashkil etilgan komissiyalar tomonidan berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Keyinchalik SSSR aholisining ko‘pchilik qismi ko‘chib borishi kuchaygan Kiyev, Rostov, Vladivostok va Minskda ham bu kabi cheklovlar o‘rnatilishiga olib keladi.

Ikkinchi jahon urushi vaqtida shaharlardagi propiska tizimi orqali cheklovlar kuchaytirilib, alohida tartib joriy etilgan shaharlar soni 48taga yetkaziladi. Bu ko‘rsatkich 1956 yilda 77tani tashkil etib, bu butun SSSR hududidagi yirik shaharlarni o‘z ichiga olar edi.

1956 yilda 927 ming aholi bilan SSSR hududidagi 7 yirik shahar hisoblangan O‘zSSR markazi bo‘lgan Toshkent shahrida ham aholi bir joydan ikkinchi joyga ko‘chishini cheklovchi propiska tizimi joriy etiladi. Buning natijasida Toshkent shahrining urbanizatsiyalashuviga ta'sir etib, bu 1959 yil 43 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 1989 yilda 25 foizni tashkil etishiga olib keladi. 1974 yil ushbu tizimdagi o‘zgarishlarga ko‘ra, fuqarolar yangi ko‘chib borgan hududlarida propiskasiz faqatgina 7 kun mobaynida istiqomat qilishlari va ushbu muddat tugashi bilan o‘sha hududni tark etishlari talab etilardi.

Bu kabi tizimni joriy etilishi, SSSR vaqtidagi sovet fuqarosi butun hayotini propiska tizimi bilan bog‘lanishiga olib kelgan edi. Chunki, propiska, unga ega bo‘lgan fuqaroga, o‘sha hududdagi tibbiy xizmatdan foydalanishi, farzandini dunyoga keltirishida, keyinchalik bog‘chaga, maktabga berilishi, ishga qabul qilinishida talab qilinadigan eng asosiy, kerakli hujjat vazifasini o‘tagan. Shuningdek, eng avvalo propiska tizimi fuqarolarga, propiska qilingan joyida istiqomat qilish huquqini ham taqdim qilar edi. Propiskaga ega bo‘lmagan SSSR fuqarosi yuqoridagi imtiyozlardan foydalana olmas edi.

Faqatgina 1990 yilga kelib, SSSR Konstitutsiyaviy Qo‘mitasi tomonidan, propiska tizimi fuqarolarning bir qator huquqlarini cheklab kelayotgani va bu SSSR Konstitutsiyasiga zid ekani e'tirof etilib, ushbu tizimni 1992 yil 1 yanvardan bekor qilish haqida qaror qabul qilinadi. Bu orada SSSR parchalanib ketishi bu ish oxiriga yetmay qolib ketishiga sabab bo‘ladi.

Abduvaliyev Maqsudjon
Toshkent davlat yuridik universiteti magistranti,
“Madad” ijtimoiy loyihasi asoschisi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top