18:05 / 01.02.2020
6
29832

Samarqandda «Damas»larga «ov boshlangan» – uchta marshrut liniyasi yopib qo‘yildi

Bugun, 1 fevral kuni ertalab Samarqandda sodir bo‘lgan bir voqea e'tiborni tortdi. Ertalabdan «Damas» rusumli marshrutkalar yoppasiga to‘xtatib tekshirilayotganini samarqandliklar ko‘rgan bo‘lsa kerak.

Xususan, Toshkent-Termiz trassasi bilan tutash Samarqand shahrini Toyloq va Urgut tumanlari bilan bog‘laydigan yo‘lda ketayotgan «Damas»larni YPX xodimi to‘xtatib berar, hech qanday yuniformada bo‘lmagan uch kishi esa haydovchiga favqulodda qo‘pollik bilan muomala qilib hujjat tekshirardi.

Bu qat'iyatli insonlar kimligini bilishga qiziqib, aniqlashga kirishdik. Bilsak, ular Samarqand viloyat transport boshqarmasi avtomobil tashuvlarini nazorat qilish bo‘limi xodimlari ekan.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida haligi reyd ketayotgan joyga yana bordik, ammo haydovchilarni tekshirayotgan xodimlar yo‘q ekan. Keyin Samarqand viloyat transport boshqarmasi avtomobil tashuvlarini nazorat qilish bo‘limiga bordik, ammo u yerda faqat qorovulni uchratdik: «Bugun ish kuni emas», dedi qorovul.

Ish kuni bo‘lmagan kunda ham xodim reyd o‘tkazishi mumkinmi? Demak Samarqandda mumkin ekan!

Navbatdagi manzilimiz «Kaftarxona» avtobekatidan Toyloq, Urgut tumanlarining turli qishloqlariga qatnaydigan marshrutlar nazorat qilinadigan tashkilot bo‘ldi. Biz borgan «Shahruz trans» MJCh rahbarlari ularga tegishli uchta — 205, 206 va 210-marshrut liniyalari yopilganini, litsenziyalari hech qanday sababsiz bekor bo‘lish arafasida turganini aytishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, yuzlab haydovchilar ertalabdan viloyat hokimiyatiga borib, nimalar bo‘layotganini tushuntirib berishlarini talab qilgan, axir ularning tirikchiligi to‘xtab qolgan. Ammo hokimiyatda ularga tayin javob berilmagan.

Uchta liniya bejizga yopilgani yo‘q, bu yo‘nalishlarga yaqinda avtobuslar qo‘yilgandi. Haydovchilarning aytishicha, litsenziyasi bo‘lishiga qaramay, arzimagan vajlar bilan ularning hujjatlari olib qo‘yilgan. Ertalab «Kaftarxona» bekatining Samarqand tumaniga qatnaydigan marshrutlar turadigan yerida ham juda ko‘p odam turganini ko‘rdik. Vaholanki, bu marshrutda doim mashina bo‘lardi.

Samarqandda avtobus qo‘yilgani sabab «Damas»larni liniyadan olib tashlash tajribasi avval ham bo‘lgan, ammo avtobus uzoq yo‘nalishga dosh berolmagach, ko‘p o‘tmay «qishloq ko‘chalarini tark etgandi».

Umuman olganda, Samarqand ko‘chalaridan «Damas»larni «quvish» amaliyoti hech qachon yaxshilikka olib kelmagan. Masalan, oxirgi marta ularni (ya'ni, litsenziya bilan odam tashiydigan marshutlarni) shahar ko‘chalaridan chiqarib yuborish bugun Samarqand ko‘chalarida xohlagan vaqtida narxni ko‘taradigan va noxolis hisoblov tizimidagi qimmat taksilarni keltirib chiqardi.

Bugun ham Samarqand shahrining ba'zi hududlarida «Damas»lar qatnovi saqlanib qolgan va o‘sha hududdagilar transport uchun qolganlardan kamroq pul sarflaydi. Masalan, Samarqand shahridan Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Juma (Pastdarg‘om tumani markazi), Charxin, Xishrav, Motrid kabi hududlarga «Damas»da borish qulay va arzon. Toyloq va Urgut tumanlariga ham «Damas»da borishga shu vaqtgacha muammo bo‘lmagan.

Avtobus qo‘yilgach yengil mashinalarni liniyadan olib tashlash unchalik to‘g‘ri ish emas, chunki ular bir-biriga xalaqit bermaydi, qaytanga avtobus qo‘yilganidan so‘ng raqobat paydo bo‘lib «Damas»lar ham narxni tushirdi. Avtobus ham, «Damas» ham yuraversa, odamlarda tanlov imkoniyati paydo bo‘lardi. Kim raqobatda ustun kelsa, o‘sha ishlayverardi, bozor iqtisodiyoti, ammo bizda negadir sog‘lom raqobat qadrlanmaydi.

Ish kuni bo‘lmagan vaqtda ham xodimlari reyd qilib yuradigan Samarqand transport boshqarmasidan bu borada javob kutib qolamiz.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top