23:09 / 01.02.2020
4
21629
Samarqandda marshrut liniyalari nega yopilganiga rasmiy izoh berildi

1 fevral kuni Kun.uz`da «Samarqandda «Damas»larga «ov boshlandi», ikkita marshrut liniyasi yopib qo‘yilgan» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Unda Samarqand shahrida harakatlanayotgan marshrutlar yoppasiga tekshirilayotgani haqida hikoya qilingan. Samarqand viloyat trasport boshqarmasi bu maqola yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Samarqand viloyat hokimining joriy yil 3 fevral sanasida «Viloyatda aholiga transport xizmatlari ko‘rsatilishini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida» bo‘lib o‘tadigan apparat yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida viloyatdagi yo‘lovchi tashish transportini o‘rganib chiqish bo‘yicha viloyat hokimligida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan Samarqand shahri va tumanlarida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Bunda yo‘lovchi tashish transporti korxonalarining sifatli va namunali xizmat ko‘rsatish faoliyati o‘rganib chiqilmoqda. Ushbu o‘rganishlarda viloyat transport boshqarmasi xodimlari ham ishtirok etdi. O‘rganishlarda korxonalarga ogohlantirishlar hamda qonunga bo‘ysunmagan hollarda litsenziya/litsenziya varaqalarining amal qilish muddatlarini 10 kungacha to‘xtatib turish choralari qo‘llanilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda litsenziya talablari va shartlari buzilish holatlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan.

O‘rganishlar davomida «Shaxruz Trans» XK, «Mamasharif Savdo Servis», «Dilchiroq Servis», «Bektemir Omad Toleyor», «Darg’om O’ramas Trans» MChJlar tomonidan kamchiliklar takroriy aniqlanib, bartaraf etilmaganligi ma'lum bo‘ldi. Bu korxonalar xizmat ko‘rsatayotgan avtotrasport vositalarida aniqlangan kamchiliklar 10 ish kuni mobaynida bartaraf etilgan taqdirda korxonalarning litsenziya/litsenziya varaqalarining amal qilishi tiklanadi.

Aksincha korxonalar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni 10 ish kuni mobaynida bartaraf etmagan taqdirda, litsenziyalovchi organning arizasi bilan sud tomonidan litsenziya/litsenziya varaqasining amal qilishini 10 kundan ortiq muddatga to‘xtatish yoki bekor qilish choralari ko‘riladi», — deyiladi Samarqand viloyat transport boshqarmasi tomonidan Kun.uz`ga taqdim etilgan rasmiy bayonotda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top