23:30 / 01.02.2020
3
24786
Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbariga hamdardlik bildirdi va koronavirusga qarshi kurashda hamkorlik taklif etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyda yangi turdagi koronavirus sababli kelib chiqqan epidemiyaning fojiali oqibatlari munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpinga va do‘st Xitoy xalqiga chuqur ta'ziya bildirdi. O‘zbekiston umumiy xatarga qarshi samarali kurashish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekani qayd etildi.

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpinga maktub yo‘llab, koronavirus tufayli vafot etgan xitoyliklar uchun hamdardlik bildirdi.

«Xitoyda yangi turdagi koronavirus sababli kelib chiqqan kasallik tarqalishining fojiali oqibatlari to‘g‘risidagi tashvishli xabarlar O‘zbekiston Respublikasida alohida xavotir va qayg‘u bilan qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani munosabati bilan do‘st Xitoy Xalq Respublikasi xalqiga chuqur hamdardlik bildiraman, barcha jabrlanganlarning tez fursatda shifo topishini tilayman.

Ushbu og‘ir damlarda O‘zbekiston xalqi sizga yelkadosh bo‘lib, xitoylik do‘stlarga chin dildan qayg‘udosh ekanini alohida ta'kidlashni istardim. 

Sizning rahbarligingiz ostida ushbu xavfli pandemiyaga qarshi kurashish borasida ko‘rilayotgan mardona sa'y-harakatlar va samarali chora-tadbirlarni yuksak qadrlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu umumiy xatarni bartaraf etish maqsadida zarur ko‘mak ko‘rsatishga intilamiz.

O‘zbekiston hukumati ushbu kasallik tarqalishiga birgalikda qarshi kurashish choralarini Xitoy bilan yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor.

Yana bir bor chuqur hamdardlik izhor etib, Sizning qat'iy harakatlaringiz tufayli buyuk xitoy xalqi ushbu qiyinchiliklarni tez fursatda munosib yengib o‘tishiga ishonch bildiraman», deyiladi nomada.

Bundan avvalroq O‘zbekistondan Xitoyga va Xitoydan O‘zbekistonga aviaparvozlar vaqtinchalik to‘xtatilgani, O‘zbekiston fuqarolarining Xitoydan evakuatsiya qilinishi uchun charter reyslar tashkillashtirilishi ma'lum qilingandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus qurbonlari soni 305 nafarga yetgan, uni yuqtirib olganlar soni 14 ming 380 nafarni tashkil etmoqda.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top