15:00 / 02.02.2020
0
8768

550 nafar bola uchun yangi MTTlarga g‘isht qo‘yildi – Vazirlikdan yangi loyiha

​​​​​​​31 yanvar kuni reabilitatsiya markaziga ega ko‘ptarmoqli hamda umumiy tipdagi MTTlar orqali 550 nafar bolani maktabgacha ta'lim bilan qamrab oluvchi loyiha start oldi.

Mazkur loyiha doirasida Toshkent viloyati, Qibray tumanida qurilishi rejalashtirilgan ilk MTTga dastlabki tosh qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«LUKOYL» kompaniyasi ushbu loyihani amalga oshirish uchun 12 million AQSh dollari ajratgan.

Qurilish bo‘yicha kelishuv esa Maktabgacha ta'lim vazirligi va «LUKOYL»  kompaniyasi tomonidan 2019 yilning iyulida imzolangan edi.

Xayriya loyihasiga ko‘ra, Toshkent hamda Qashqadaryo viloyatlarida alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan 150 o‘rinli ko‘ptarmoqli MTTlar, Buxoro viloyatida esa 250 o‘ringa mo‘ljallangan umumiy tipdagi MTT qurilishi rejalashtirilgan.

Ushbu MTTlar bolalar qamrovini 550 o‘ringa oshiradi.

«Bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olish, maktabagacha ta'lim tizimining eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. MTV holatni yaxshilash uchun faol harakat qilmoqda. Yangi MTTlar qurilmoqda, mavjudlari ta'mirlanmoqda hamda ularning quvvati oshirilmoqda.

Bundan tashqari, MTVga ilgari maktabgacha ta'lim tizimi strukturasida bo‘lgan, keyinchalik boshqa maqsadlarda ishlatilayotgan binolar ham qaytarilmoqda.

Biz bugun biznes vakillari bolalarga yordam berayotganidan xursandmiz. «LUKOYL» kompaniyasi tufayli hududlardagi 550 bola sifatli maktabgacha ta'limga ega bo‘ladi. Ushbu reabilitatsiya markazi MTT tarbiyalanuvchilaridan tashqari yiliga professional ko‘makka muhtoj 5-7 ming bolaga ham yordam ko‘rsatadi», deya qayd etgan Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin o‘z chiqishida.

Amalga oshiriladigan loyihalarda jismoniy va aqliy holatiga ko‘ra alohida parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun MTT va tibbiy muassasa birlashtiriladi. Ularda zamonaviy fizoterapiya, uqalash kabineti, mayda motorikani rivojlantirish, sensor xonalari, ijtimoiy–maishiy moslashuv, musiqa, art–terapiya xonalari hamda shifokorlar kabinetlari mavjud bo‘ladi.

Toshkent viloyati va Qarshidagi loyihalar uchun Nukusdagi reabilitatsion markazga ega «Imkon» ixtisoslashgan maktabgacha ta'lim tashkiloti namuna qilib olingan.

«Biz Maktabgacha ta'lim vazirligining oliyjanob harakatlarida ishtirok etayotganimiz hamda «Imkon» loyihasi rivojiga kamtarona hissamizni qo‘shish uchun imkoniyat berilayotganidan xursandmiz», deya ta'kidlagan marosimdagi chiqishida «LUKOYL Uzbekistan opereyting kompani» MChJ bosh direktori Stepan Gurjiy.

Bino va inshoot obektlarini loyihalash, qurish, jihozlash va ishga tushirish ishlari 2021 yil 1 iyulga qadar amalga oshiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top