16:43 / 02.02.2020
0
25096
Gripp: Alomatlar, oldini olish va davolash usullari

Gripp yuqtirganlikni qanday aniiqlash mumkin? Emlanish kerakmi? Kasallikni davolashning eng samarali usuli qanday? Epidemiya mavsumida shu kabi savollarga javob izlashga harakat qilamiz.

Klinik ko‘rinishlari

Gripp keskin boshlanadi: bir necha soat ichida bemorda isitma, yo‘tal (odatda quruq), bosh og‘rig‘i, mushaklar va bo‘g‘imlarda og‘riq, zaiflik, tomoq yallig‘lanishi va burun oqishi paydo bo‘ladi. Ushbu alomatlarning ba'zilari mavjud bo‘lmasligi mumkin, ammo yuqori isitma va keskin boshlanish kasallikning klassik belgilaridir. Boshqacha qilib aytganda, agar siz bir necha kun davomida betoblik his qilib yurib, keyin «yiqilib» qolsangiz, unda bu gripp emas, balki o‘tkir respirator virusli infeksiya ya'ni tomoq og‘rig‘idir.  

Aksariyat odamlar bir hafta ichida davolanmasdan tuzalib ketishadi. Ammo xavf guruhi ostidagi gripp jiddiy oqibatlarga va o‘limga olib kelishi mumkin.

Xavf guruhlari:

  • ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar; 
  • 65 yoshdan katta qariyalar;
  • homilador ayollar;
  • har qanday yoshdagi surunkali yurak, o‘pka, buyrak, jigar, qon kasalliklari,   shuningdek qandli diabetdan aziyat chekuvchilar; 
  • immuniteti pasaygan bemorlar (masalan, OIV bilan kasallanganlar).
Foto: parens.com

Virus yuqtirish yo‘llari

Virus havo tomchilari orqali qiyinchiliksiz yuqadi va aynan shu sababli maktab, bolalar bog‘chasi, ofis va boshqa odam gavjum joylarga tez fursatlarda tarqaladi. Ko‘pincha bu kasallik bemor yo‘talishi yoki aksirishi orqali yuqadi, ammo qo‘l bilan salomlashishda ham virus o‘tishi mumkin (masalan, agar bemor yo‘talayotganda og‘zini qo‘li bilan yopsa, so‘ng aynan shu qo‘lida sog‘lom kishi bilan salomlashsa va u bu qo‘l bilan burnini ushlasa). Shuning uchun virus tarqalishi oldini olishning asosiy choralari — niqob kiyish (sog‘lom odam emas, betoblar) va qo‘lni sovun bilan muntazam yuvib turish.  

Yuqumli kasallikning yashirin davri (betob bilan aloqa qilishdan kasallik belgilari paydo bo‘lishigacha bo‘lgan vaqt) — 2 kun.  

Mavsumiy gripp epidemiyalari

Mavsumiy gripp epidemiyalari ko‘pincha dekabrdan martgacha kuzatiladi (bir yil ko‘tarilish dekabrda kuzatilsa, boshqasida — fevralda). Har yili kattalarning 5-10 foizi va bolalarning 20-30 foizi grippga chalinadi. Aksariyat insonlar kasallikka dosh berishga qodir, ammo yiliga 3-5 million odam grippning og‘ir turini boshdan kechiradi, bu esa 250-500 ming, ba'zida esa 1 milliongacha kishining o‘limiga olib keladi.  

Profilaktika

Grippning oldini olishning bir necha yo‘li mavjud:  

  • Kasal odamlar bilan aloqa qilishdan saqlaning.  
  • Agar o‘zingizni yomon his qilsangiz, ishga bormang.  
  • Betoblik tugab, kasallikning har qanday alomati yo‘qolgandan keyin kamida bir kun uyda qoling.
  • Agar kasal bo‘lsangiz, iloji boricha boshqa odamlar bilan aloqa qilishdan saqlaning.
  • Aksirish va yo‘talayotganda og‘zingiz va burningizni albatta ro‘molcha (bir marta ishlatiladigan qog‘oz) bilan yoping. 
  • Qo‘llaringizni iloji boricha tez-tez sovun bilan yuving. Agar buning imkoni bo‘lmasa, antiseptik gellardan (sanitariya vositalaridan) foydalaning.  
  • Ko‘z, burun va og‘zingizga tegmang, ayniqsa jamoat joylariga borganda.

Ammo profilaktikaning eng samarali usuli vaksinatsiyadir. Grippga qarshi emlash samarali va xavfsizdir; 60 yildan ortiq vaqt davomida ko‘plab mamlakatlarda qo‘llanishda. Katta yoshdagi aholini emlash kasallik, ishdan mahrum bo‘lish va yaqinlarga yuqtirishdan saqlanish uchun tavsiya etilishi mumkin. Ammo emlanishi juda zarur bo‘lgan aholi guruhlari mavjudki, ularda asoratlar rivojlanishi tahlikasi yoki yuqtirish xavfi juda yuqori. 

JSST grippga qarshi har yili emlanishni quyidagilarga qat'iy ravishda tavsiya qiladi:

  • homiladorlikning har qanday bosqichidagi homilador ayollar; 
  • 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar; 
  • keksa odamlar (65 yosh va undan katta); 
  • surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar;
  • sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari.  

O‘zbekistonda grippga qarshi bepul vaksinatsiya epidemiologik ko‘rsatmalarga asosan amalga oshiriladi. Budjet hisobidan xarid qilingan vaksinalar asosan og‘ir yurak-qon-tomir kasalligiga chalingan va tez-tez kasal bo‘ladigan bolalarga beriladi. Epidemiologik vaziyatga qarab odamlar bilan ko‘p muloqotda bo‘ladigan kasb egalari ham bepul emlanadi.

Gripp virusining 3 turi mavjud: A, B va C. A tipidagi viruslar sirtki oqsil birikmalariga qarab quyi turlarga bo‘linadi. Gripp viruslarining xilma-xilligi orasida A (H1N1) va A (H3N2) kichik tiplari eng ko‘p tarqalgan viruslardir. Virusning dominant turlarini/kichik turlarini bilish gripp epidemiyasi boshlanishidan oldin vaksinani tanlash uchun muhimdir. 

Foto: express-careclinic.com

Emlash mumkin bo‘lmagan holatlar ham mavjud, ammo ular ko‘p emas:  
6 oylikdan kichik chaqaloqlar.  
Oldingi vaksina yoki uning tarkibiy qismlariga nisbatan kuchli allergik reaksiyalar (agar sizda biror-bir dori yoki oziq-ovqat mahsulotiga qattiq allergik reaksiya yuzaga kelgan bo‘lsa, vaksinani tanlashda shifokor bilan maslahatlashishni unutmang).
Har qanday kasallikning og‘ir bosqichida emlash tiklanishgacha qoldirilishi kerak, ammo bekor qilinmaydi. 

Surunkali kasallanish mavjud bo‘lsa, emlash o‘tkazish imkoniyati haqida shifokorga murojaat qiling. 

E'tibor bering, homiladorlik va laktatsiya davri emlash man qilingan holat hisoblanmaydi. Zamonaviy vaksinalar tarkibida homiladorlik paytida homilaga yoki laktatsiya davrida bolaga zarar yetkazuvchi viruslar mavjud emas. Aksincha, homiladorlik paytida og‘ir turdagi kasallanish yoki yangi tug‘ilgan chaqaloqqa yuqishining oldini olish uchun onani himoyalash muhimdir.

Foto: alluremedia.com.au

Davolash

Aksariyat hollarda maxsus davolash talab etilmaydi. Grippda suvsizlanishdan saqlanish uchun ko‘p suyuqlik ichish juda muhim (va ko‘p hollarda bu asosiy davolash usulidir). Boshqa chora-tadbirlar kasallik alomatlarini yengillashtiradigan dorilarni (harorat tushiruvchilar, burun tomchilari/spreylari va boshqalar) o‘z ichiga oladi.

Virusga qarshi dorilar mavjud, ammo ularni faqat shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha olish kerak. Samaradorlikka davolash boshlanishida kasallik belgilari paydo bo‘lgandan keyingi dastlabki 48 soatda erishiladi.

Shuni yodda tutish kerakki, gripp virusining ushbu dorilarga nisbatan qarshiligi allaqachon mavjud va shuning uchun uni davolashdan ko‘ra kasallikning oldini olish bilan shug‘ullanish yaxshiroqdir. 

Hech qanday «immunostimulyator» va «immunomodulyator»ning grippni davolash bilan aloqasi yo‘q. Ularning na samaradorligi, na xavfsizligi tegishli tadqiqotlarda isbotlangan. Antibiotiklardan esa asoratlanmagan grippni davolashda foydalanmaslik kerak (chunki antibiotiklar virus bilan emas, balki bakteriyalar bilan kurashadi).

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top