22:46 / 02.02.2020
2
18871
Komil Allamjonov yangi fondning moliyalashtirish manbalariga oydinlik kiritdi

Komil Allamjonov yangi fond haqidagi turli shubhalar yuzasidan munosabat bildirib, o‘tmishda bo‘lgani kabi bu fondga ham tadbirkorlarni majburlash evaziga pul jalb qilinishi holatlari bo‘lmasligini ma'lum qildi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Bugun, 2 fevral kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida chiqish qilgan fond vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov fond davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmasligini ma'lum qildi.

«Ro‘y berayotgan ushbu o‘zgarishlarni ko‘rib ko‘pchilikda Fondga bo‘lgan turli fikrlar, noto‘g‘ri taxminlar bo‘lishi mumkin. Masalan, kimdir ushbu Fondni davlat tomondan tuzilgan nodavlat fond bo‘lishi mumkin deb qayg‘ursa, yana kimdir davlat pullarini shu yo‘l bilan sovurish uchun yaratilgan resurs deb bezovta bo‘lishi mumkin yoki bo‘lmasa ertaga o‘tmishda bo‘lgani kabi endilikda ushbu Fondga ham tadbirkorlarni majburlash evaziga pul jalb qilinadi degan xavotirlar bo‘lishi mumkin.

Shu fursatdan foydalanib sizlarga ishonch bilan ayta olamanki, bizning Fondimiz faqatgina xorijiy grantlar yoki mahalliy metsenatlar va xayrixoh biznesmenlar tomonidan moliyalashtiriladi. Fondning har bir xatti-harakati, ilgari faoliyat yuritgan barcha fondlardan farqli ravishda – uning barcha faoliyati, uning ta'sischilaridan tortib, to moliyalashtirish manbalarigacha – mutlaqo ochiq bo‘ladi. Ushbu Fond jurnalist va blogerlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ular manfaatlarini davlat organlari va hukumat oldida to‘liq himoya qilish, yordamga muhtoj OAVlarga moddiy yordam berish, O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi ta'minlanishida bor imkoniyatlarini ishga soladi.

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Fursatdan foydalanib, barcha xorijiy va mahalliy tashkilotlarga Fond loyihalarini moliyalashtirilishida doimiy hamkorlik qilish uchun ochiqligimizni ma'lum qilamiz.

Bugun 2020 yilning 2 fevrali, qisqa qilib aytganda 02.02.2020. Manbalarga ko‘ra, ana shunday sana 100 yilda, ya'ni bir asrda bir marta takrorlanar ekan. Va kimlardir bu kunda bildirilgan barcha tilaklar amalga oshadi deb ishonadi. Lekin bizning fikrimizcha, har qanday ezgu maqsad yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni Allohning o‘zi doim qo‘llab-quvvatlaydi. Biz ham bugun Yaratgandan Fondimizning ishiga rivoj tilab qolamiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top