09:20 / 02.02.2020
1
2696
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi emblemasi tasdiqlandi

2020 yil 31 yanvar kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda jamoat fondi emblemasi tasdiqlandi. Emblema markazida burgut tasvirlangan, uning atrofidagi aylana ichida jamoat fondi nomi yozilgan. Jamoat fondi emblemasida burgutdan foydalanilgani bejiz emas.

«Burgut — kuchli, g‘ururli, ozodlikni sevuvchi, qat'iyatli qush va bu xislatlar mass-media olamini ham ifodalaydi. Burgutning makoni yuksak cho‘qqilar bo‘lib, u yerdan hech bir to‘siqlarsiz butun yon-atrofini kuzatib tura oladi. Jurnalist va blogerlarning asosiy vazifasi ham jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan barcha voqea va hodisalarni sinchkovlik bilan kuzatib borishi hamda xolisona yoritishidir.

Burgut — sadoqatli qush, g‘irromlik va makkorlik unga begona. Bu xislatlar mass-media vakillarining kasb birdamligi, ularning inoqligi va g‘oyalarga sodiqligining timsolidir. Burgutning kuchi esa jamiyatimizda so‘z erkinligini yanada mustahkamlash niyatida bo‘lgan jurnalist va blogerlar hamjamiyatining kuch va g‘ayratini ifodalaydi.

Burgut o‘zining ziyrakligi va qat'iyatligi bilan ham alohida ajralib turadi. U o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari dadil harakat qiladi. Mass-media vakillari ham o‘z materiallarida biror masala yoki muammoni yoritganda, ularni oxirigacha hal qilish yo‘lida qat'iyat ko‘rsata olishi kerak», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, yangi tashkil etilgan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining asosiy maqsadi ommaviy axborot vositalariga media bozorida teng sharoit yaratish, ularni yanada rivojlantirish hamda jurnalist va blogerlarning huquqlarini ro‘yobga chiqarishda ko‘maklashish hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top