13:00 / 02.02.2020
11
50962
Monopoliyaning yana bir zararli oqibati: Samarqandda pul to‘lagan yuzlab xaridorlar avtosalondan mashinalarini ololmayapti

«O‘zavtosanoat» tarkibidagi korxonalar monopolist ekanligi, buning oqibatida iste'molchilar mahsulot narxi, sifati, xizmat ko‘rsatish darajasidan aziyat chekib kelayotgani matbuotda bot-bot takrorlab kelinmoqda.

Keyingi yillarda sohada vaziyat birmuncha isloh qilinayotgani rost, biroq ko‘ngilni xijil qiluvchi holatlar hamon kuzatilib turibdi. Ana shunday holatlardan biri Samarqand shahrida ro‘y bermoqda. Tahririyatga mashina xarid qilish istagida pul to‘lab, sarson bo‘layotgan xaridorlar murojaat qilishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Samarqand shahridagi avto yetkazib beruvchi korxona — «Samarqand avtotexxizmat» MChJ bilan shartnoma imzolagan mijozlarning mashinalari berilmay turilibdi. Biz ish vaqti tugayotgan chog‘da bu maskanga borib, shunday xaridorlarning ikki nafarini uchratdik. Aslida, bunday halak bo‘layotgan xaridorlar soni kamida 300 nafarligini aytishmoqda.

Mijozlardan biri To‘ti Shermamedova vaziyatni tushuntirishicha, u 4-pozitsiyadagi «Kobalt» avtomashinasiga noyabr oyida bankdan kredit rasmiylashtirib, to‘liq to‘lov qilgan. Shartnoma shartlariga ko‘ra, 31 yanvar kunigacha avtomashina yetkazib berilishi kerak edi. Biroq, shartnoma shartlari bajarilmagan. Mashina yetkazilmagan. Uning mashinaga ishonib boshlamoqchi bo‘lgan ishi to‘xtab turibdi.

Boshqa bir mijozning mashinasi esa avtosalon hovlisida 20 kundan beri qolmoqda. U ham mashinani bankdan kredit rasmiylashtirib olgan. To‘lovlarni qilmoqda. Lekin mashinasini ololmayapti.

«Samarqand Avtotexxizmat» MChJ bosh muhandisi Sharofiddin Pardayev vaziyatga izoh berdi.

«O‘zavtosanoat» AJ tekshiruv o‘tkazib, avtosalonimizda ayrim kamchiliklarni aniqlagan va 2020 yil 7 yanvardan buyon faoliyatimizni cheklab qo‘ygan. Biz dalolatnomada ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmoqdamiz. Mijozlarning barchasiga avtomashinalari yetkazib beriladi. Qolib ketmaydi», deydi u.

Uning aytishicha, avtosalon turargohida ayni damda 61ta mashina egalariga tarqatilishini kutib turibdi. Mijozlarning mashinalari Buxoro va Angrendagi turargohlarda ham saqlanmoqda.

Mijozlar «O‘zavtosanoat»ning 141-77-77 raqamli ishonch telefoniga ham murojaat qilishgan. U yerdan avtosalon «O‘zavtosanoat»ga qandaydir ariza berishi kerakligini aytishgan.

Sharofiddin Pardayev bu borada o‘z fikrini bildirar ekan, Samarqanddagi boshqa avtosalonlar orqali bo‘lsa-da, avtomashinalarni o‘z egalariga tarqatishlari, kerak bo‘lsa kechiktirilgan kunlar uchun shartnomaga asosan hisoblanadigan jarimalar ham to‘lab berilishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, avtosalon bosh muhandisi «O‘zavtosanoat» komissiyasi tomonidan avtosalonda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ishlar olib borilayotgani — peshlavhalar o‘zgartirilayotgani, kuzovlar uchun alohida usti yopiq bostirma qurilayotgani, bank bo‘limi ochilganini gapirib berdi.

Ushbu masalada eng qizig‘i — mijozlarning barchasi to‘lagan pullar shartnomaga ko‘ra to‘lig‘icha «O‘zAvtoMotors»ning hisob raqamiga borib tushgan. Avtosalon faqat marja oladi. Modomiki, avtosalonning faoliyat ko‘rsatilishi to‘xtatilgan ekan, nega bundan yakunda iste'molchi, ya'ni fuqarolar aziyat chekishi kerak?

Xo‘p, avtosalonda ma'lum bir kamchiliklar bor ekan, ular aniqlanibdi ham deylik — ularni bartaraf etish uchun mijozlarning huquqlari toptalmaydigan jazo choralari qo‘llansa bo‘lmaydimi? Aytaylik, marjadan mahrum qilish. Yoki «O‘zavtosanoat»ga avtomashina uchun to‘liq pul to‘lab bergan mijozlarning avtomashinalari boshqa avtosalonlar orqali egalariga yetkazilishi chorasi ko‘rilmaydimi?

Mana shunday — mashina sotuvchi dilerlarni jazolovchi, xaridorlarni yurako‘ynog‘i qiluvchi «O‘zavtosanoat» o‘zi kerakmi bizga; u yerda xalqni o‘ylaydigan, rozi qila oladigan odamlar ishlayaptimi o‘zi, degan o‘rinli savollar tug‘ilaveradi.

Qiziq, ushbu holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi qanday choralar ko‘rar ekan?.. Kuzatamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

UPD: Tanqiddan so‘ng: Samarqanddagi avtosalonda mashinalar o‘z egalariga tarqatilmoqda

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top