00:21 / 02.02.2020
1
26586
Rossiya, neft va sanksiyalar. Pompeoning Lukashenko bilan uchrashuvida nimalar haqida so‘z bordi?
Foto: Reuters

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Minskda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi. Bu Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat mahkamasi rahbarining Belarusga keyingi 25 yildagi birinchi tashrifidir.

Pompeo Vashington yaqin vaqt ichida Belarusga o‘z elchisini yuborishini aytdi. Bu davlatda 2008 yildan buyon AQSh elchisi faoliyat ko‘rsatmaydi.

Uchrashuvda Mayk Pompeo Rossiya va Belarus munosabatlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

"Qo‘shningiz Rossiya bilan uzoq tarixga ega ekanligingizni tushunamiz. Ammo bizni yoki ularni tanlash to‘g‘risida gapirmaymiz. Biz diplomatik munosabatlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz. Biz munosabatlarimizni kengaytiramiz", - dedi u.

AQSh davlat kotibi Qo‘shma Shtatlar Belarus mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashini va energiya resurslari borasida hamkorlik qilishga tayyorligini aytdi.

"AQSh Belarusga o‘z suveren davlatini tashkil qilishiga yordam bermoqchi. Energiya resurslari ishlab chiqaruvchilarimiz sizlarni zarur neft bilan raqobat narxlarida yuz foizga ta'minlashga tayyor. Bizni chaqirsangiz bas!" – dedi Pompeo.

Matbuot anjumanida Lukashenko va Belarusning boshqa fuqarolariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, Pompeo ikki mamlakat munosabatlari yaxshilanib borayotganligini va bu "sanksiyalarni olib tashlash jarayonini tezlashtirishi mumkin"ligini aytdi.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Kiyevda bo‘lib, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan xavfsizlik va mamlakatdagi korrupsiya masalalarini muhokama qilgandi. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, Mayk Pompeo 2 fevral kuni Toshkentga keladi. U 3 fevral kuni «C5+1» shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashadi. 

Tashrif davomida Mayk Pompeo prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida ham bo‘ladi.

AQSh davlat kotibining mintaqa diplomatiyasi yetakchilari bilan uchrashuvida Qo‘shma Shtatlarning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi ham asosiy mavzulardan bo‘ladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top