19:42 / 02.02.2020
7
156483
Xitoydan keluvchilarga chegaralar yopilmoqda, o‘lim holatlari ortmoqda. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar

Yangi 2019-nCov koronavirusi tarqalishining oldini olish uchun Xitoydan keluvchilar uchun o‘z chegaralarini yopayotgan davlatlar soni ortmoqda. 2 fevral kuni ilk marta Xitoy hududidan tashqarida ushbu virusdan o‘lim holati qayd etildi - Filippinda 44 yoshli xitoylik vafot o‘tdi. U o‘limga olib keluvchi epidemiya tarqalishi boshlangan Uxandan kelgandi.

Foto: EPA

O‘zbekiston hukumati ham Xitoy bilan aviaaloqalarni vaqtincha to‘xtatgan. 29 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida» prezident farmoyishi qabul qilingan.

4 fevral kunidan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi koronavirus tarqalishi sababli Xitoyga (Pekin va Urumchi) muntazam reyslarni vaqtincha to‘xtatadi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan bemor yo‘qligini ma'lum qilgan. So‘nggi haftalarda mamlakatdagi barcha chegara punktlarida kirib keluvchilar qat'iy nazoratdan o‘tkazilmoqda.

31 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan uchib kelgan jami 4194 nafar, temir yo‘llari orqali esa 953 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan. Natijada Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligining virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olingan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmagan.

O‘zbekiston 4-5 fevral kuni maxsus charter reyslar orqali Xitoydagi, jumladan, Uxanda qolayotgan fuqarolarni (Tashqi ishlar vazirligi ma'lumotiga ko‘ra Uxanda ayni vaqtda 81 nafar o‘zbekistonlik bor) vatanga olib kelishni rejalashtirmoqda.

Virus qurbonlari haqida so‘nggi ma'lumotlar

Xitoy Xalq Respublikasi davlat sog‘liqni saqlash qo‘mitasining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, 2019-nCov koronavirusi yuqishi oqibatida yuzaga kelgan pnevmoniyadan vafot etganlar soni 304 nafarga yetgan, shuningdek 14 380 kishi virusdan zararlangan. Bir kun ichida yana 2590 kirishi virusni yuqtirib olgani aniqlangan. 2110 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda, 328 kishi tuzalgan.

XXRdan tashqarida yana 100ga yaqin virusdan zararlanish holatlari aniqlangan.

O‘lim holatidan keyin Manila aholisi tibbiy niqoblar uchun yopirilib keldi

Filippinda yanvar oyida Uxandan rafiqasi bilan kelgan 44 yoshli xitoylik vafot etdi. U virusni Xitoydaligida yuqtirib olgan, o‘zini yomon his qila boshlagach Maniladagi shifoxonaga yotqizilgandi. Uning ahvoli barqaror bo‘lib turgandi, so‘nggi 24 soat ichida esa og‘irlashib vafot etgan. Bu Xitoy hududidan tashqaridagi ilk o‘lim holati bo‘ldi. Mamlakat hukumati Xitoyning Maniladagi elchixonasi bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Marhumning jasadi katta ehtimol bilan kuydiriladi.

Hozirda u bilan bir reysda kelgan yo‘lovchilar, u bilan muomala qilgan odamlar - mehmonxona xodimlari, taksichilar va boshqalar haqidagi ma'lumotlar to‘planmoqda.

Yangi virusdan zararlanganlar soni allaqachon 2003 yili 25dan ortiq davlatga tarqalgan atipik pnevmoniya (SARS) tufayli yuzaga kelgan epidemiya vaqtida zararlanganlar sonidan ortib ketgan. Ammo o‘lim holatlari nisbatan kam.

Shu bilan birgalikda, Hongkong universitetidagi epidemiologlar virusni yuqtirganlarning asl soni rasmiy statistikadan farq qilishi mumkinligini aytishmoqda. Ularning fikricha, Uxanda 75 mingdan ortiq kishi mazkur virusdan zararlangan bo‘lishi mumkin.

Hongkongdagi shifoxonalar xodimlari besh kunlik ish tashlashdi, ular hukumat Xitoy bilan chegarani vaqtincha yopishini talab qilishmoqda. Hozircha Hongkong hukumati bunday chora qo‘llamadi va JSST tavsiyalariga amal qilmoqda.

Xitoyda bo‘lganlar uchun taqiqlar

Shri-Lanka hukumati Uxandan evakuatsiya uchun yuborgan samolyot ekipaji

Xitoy hududidan kelgan xitoyliklar va boshqa davlatlar fuqarolari bo‘lgan yo‘lovchilar uchun mamlakatga kirishni yopayotgan davlatlar soni o‘smoqda.

Dastlab bunday choralar Avstraliya tomonidan qo‘llangandi. Bu davlat Xitoyning Xubey provinsiyasidan kelayotgan o‘z fuqarolarini 14 kun davomida nazorat qilish uchun maxsus karantin hududga joylashtirdi. Xitoyning boshqa hududlaridan kelayotganlar ham 2 hafta davomida maxsus nazoratda bo‘ladi.

Uxandan Indoneziyaga kelganlar samolyot trapidayoq dezinfeksiya qilinmoqda

Jahonning jami 23 davlatida, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya va Rossiyada ham virus aniqlangan. AQSh hukumati sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holat e'lon qilgan. Bunday holat kamdan-kam joriy etiladi. Unga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida Xitoy hududida bo‘lganlar mamlakatga kiritilmaydi.

Pentagon o‘z hududida karantinga joylashtiriladigan ming kishi uchun joy ajratgan - Kaliforniya, Kolorado va Texasdagi 4ta bazada 250 nafardan odam uchun joy hozirlangan.

Rossiya bir necha kun avval Xitoy bilan chegaralarini yopgan, shuningdek Xitoy uchun vizasiz rejim bekor qilingan, aviaaloqalarga jiddiy cheklovlar o‘rnatilgan, bu mamlakatga doimiy reyslarni faqatgina «Aeroflot» aviakompaniyasi saqlab qolgan. 

Yangi Zelandiya, Pokiston, Italiya, Singapur va Janubiy Koreya ham Xitoydan keluvchilar uchun taqiqlar o‘rnatgan.

Uxandan evakuatsiya qilingan britaniyaliklar karantin hududiga olib ketilmoqda

Ammo hozircha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bunday choralarni tavsiya qilmaydi. «Harakatlanishga cheklovlar o‘rnatilishi foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin, ma'lumot almashish, tibbiy jihozlar va dori-darmon yetkazib berish ham qiyinlashadi, bular iqtisodiy zarar keltiradi», degan JSST rahbari juma kungi bayonotida.

JSSTdagilarning hisoblashicha, aeroportlar va dengiz portlarida kirib keluvchilarni jiddiy tekshirish kerak, ammo chegaralarni yopish samarali bo‘lmaydi. Tashkilot chegaralar yopilishi infeksiya tarqalishini tezlashtirishi mumkinligi, odamlar noqonuniy yo‘llar orqali chegaralarni kesib o‘tishni boshlashi va bu nazoratsiz qolishidan ogohlantirdi.

Finlyandiya shimolidagi Laplandiyada ham odamlar koronavirus yuqtirishdan xavfsiramoqda

Pekin ham qat'iy cheklovlarni qoralagan, boshqa davlatlarni JSST tavsiyalariga rioya qilmaslikda ayblagan. «JSST bunday cheklovlar kiritishdan tiyilishga chaqirgan mahalda, AQSh qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanmoqda. Biz buni yaxshi niyat yo‘lidagi qaror deb atay olmaymiz», dedi Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

Xitoy qanday choralar ko‘rmoqda?

Virus o‘chog‘i bo‘lgan, 11 million kishi yashaydigan Uxan shahri va Xitoyning boshqa shaharlari karantin holatida qolmoqda - kirish va chiqish ma'lum vaqtga yopilgan. Mamlakatning ko‘plab hududlarida hayot uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanmaydigan do‘konlar va tadbirkorlik muassasalari yopilgan.

Uxan arvoh shaharga aylangan

Uxandan sharqda joylashgan, olti million kishi istiqomat qiladigan Xuangan shahri meri yaqin kunlarda shaharda virusdan kasallanganlar soni ortishi mumkinligidan ogohlantirdi, Uxan yopilishidan oldin bu shaharda xuanganliklarning 700 ming nafari bo‘lib qaytgan.

Xuangan va yana bir shahar - Venchjou o‘z aholisi uchun qat'iy cheklovlar o‘rnatgan: oilaning faqat bir a'zosi bir kunda ikki marta ovqat va hayot uchun zarur bo‘lgan boshqa mahsulotlar sotib olish uchun uydan chiqishi mumkin.

Xubey provinsiyasi yangi yil ta'tillarini 13 fevralgacha uzaytirgan. Oy taqvimi bo‘yicha Xitoy yangi yili 25 yanvar kuni boshlangandi. Nikohdan o‘tish kabi ommaviy tadbirlarga taqiq qo‘yilgan.

Dunyoda yana qanday choralar ko‘rilmoqda?

  • Hindiston Uxandan 300 nafar fuqarosini evakuatsiya qildi. Germaniya - yuz nafarga yaqin. Tailand va Rossiya ham shu kunlarda ketishni istagan fuqarolarini olib ketmoqchi.
  • Xitoy Yevropa Ittifoqidan bu hududdagi davlatlardan dori-darmonni yetkazib berishni soddalashtirishni so‘ragan.
  • Vietnam Airlines aviakompaniyasi Xitoy, Hongkong va Tayvanga barcha parvozlarni bekor qilgan. Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi, Air New Zealand, Air Canada va British Airways aviakompaniyalari Xitoyga reyslarni keskin qisqartirgan yoki butunlay bekor qilgan.
  • Xitoydagi yirik mehmonxonalar tarmoqlari, jumladan, Hyatt, Radisson va Hilton Xitoyga kelishni rejalashtirgan lekin rejalari barbod bo‘lgan sayyohlarning buyurtmalarini bekor qilish tartibini soddalashtirishni so‘ragan.
  • Apple kompaniyasi Xitoydagi do‘konlarini vaqtinchalikka yopgan.
  • Buyuk Britaniya hukumati Xitoy hududidagi diplomatik missiyalari xodimlarini chaqirib olmoqchi.
Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top