09:58 / 02.02.2020
0
64699

Xitoydan tashqarida koronavirusdan ilk o‘lim qayd etildi. Virusga qarshi kurashga Pentagon va robotlar jalb qilindi

Xitoydan tashqarida koronavirusdan ilk o‘lim qayd qilindi. Bungacha virus keltirib chiqaruvchi zotiljamdan o‘lish holatlari faqat Xitoyda qayd qilinayotgandi.

Foto: Aaron Favila / AP

Gap 1 fevralda Filippinda vafot etgan 44 yoshli erkak haqida bormoqda. Bu haqda JSSTning Filippin bo‘limi tvitterda ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, erkak Filippinda virusga chalingan ikkinchi odam bo‘lgan.   

Bu Xitoydan tashqarida qayd qilingan virusdan birinchi o‘lim hisoblanadi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda virus bir kun ichida 45 kishining hayotini olib ketdi. Ayni vaqtda undan vafot etganlar soni 304 nafarni, kasallanganlar 14380 nafarni tashkil qilmoqda. 

Bu orada virusga qarshi kurashga Pentagon va robotlar jalb qilindi.

Xitoyning Guanchjou shahri shifoxonasida virusga chalinganlarga robotlar xizmat ko‘rsatmoqda. Ta'kidlanishicha, shifoxonada sun'iy ongga ega ikkita robot bemorlarga ovqat va dori-darmon yetkazishda, choyshablarni va chiqindilarni yig‘ishtirib olishda qo‘llanmoqda.

Bundan tashqari, robotlar eshiklarni ocha oladi va zinalardan ko‘tarila oladi. Elektron yordamchilar Ping-Ping va An-An deb nomlangan bo‘lib, bu ikki nom qo‘shib tarjima qilinganda “tinchlik” ma'nosini beradi.

Shuningdek, AQShda virusga qarshi kurashga Pentagon jalb qilindi. AQSh mudofaa vazirligi sog‘liqni saqlash vazirligining Xitoydan qaytuvchi fuqarolarning karantinga joylashtirilishi uchun ming kishilik joy ajratish haqidagi iltimosini qanoatlantirgan.  

Pentagon Kaliforniyadagi ikkita hamda Kolorado va Texas shtatlaridagi bittadan inshootni 29 fevralgacha taqdim etadi. Ushbu obektlarda ijtimoiy xizmatlar va sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari xizmat ko‘rsatadi.

Ta'kidlanishicha, mudofaa vazirligi faqat joylarning taqdim etilishi uchun javobgar hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top