09:20 / 03.02.2020
0
7000

Ayrim tijorat tashkilotlari endi har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim 

“Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”, “Mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonunlarga tuzatishlar kiritildi.

Foto: Shutterstock

2018 yilning sentabr oyida prezident auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirishga doir qarorni imzolagan edi. Ushbu hujjatda nazarda tutilgan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi (2019 va 2020 yillardan), sababi buning uchun jumladan qonunlarga tuzatishlar tayyorlash va qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish lozim edi.
 
Norma’ning yozishicha, uning bandlaridan biri bilan 2020 yil 1 yanvardan boshlab hisobot yili yakuni bo‘yicha quyidagi shartlardan bir vaqtning o‘zida ikkitasiga javob bergan tijorat tashkilotlari ham har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim:

aktivlarning balans qiymati BHMning 100 000 barobar miqdoridan ortiq bo‘lsa;

mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushum BHMning 200 ming barobar miqdoridan ortiq bo‘lsa;

xodimlarning o‘rtacha yillik soni 100 kishidan ortiq bo‘lsa.
 
Biroq qonun hujjatlariga kiritilgan tuzatishlar prezident qarorining yuqorida ko‘rsatilgan normalaridan qator jihatlari bilan farq qiladi:

birinchidan, faqat bitta mezon - aktivlarning balans qiymati belgilangan. Har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish uchun u BHMning 100 ming barobar miqdoridan, ya'ni 22 300,0 mln so‘mdan ortiq bo‘lishi kerak. Tushum va xodimlarning o‘rtacha yillik soni bu holatda inobatga olinmaydi.

ikkinchidan, tuzatishlar qarordan kelib chiqqanidek tijorat tashkilotlarining   barchasiga ham emas, balki faqat mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlarga taalluqli. Aksiyadorlik jamiyatlari, kredit va sug‘urta tashkilotlari, investitsiya fondlari, birjalar, davlatga tegishli ulushga ega sub'yektlar va DUKlarni ham esdan chiqarmaslik kerak (“Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi);

uchinchidan, o‘zgartirishlar 1 yanvardan emas, balki 2020 yilning 24 martidan amalga kiritiladi (tuzatishlar e'lon qilingandan e'tiboran uch oy o‘tgach).
 
Aksiyadorlik jamiyatlariga doir yangiliklar ham mavjud. Endi mustaqil tashqi auditorlik tashkilotlari AJ sof aktivlari qiymatining 10 foizi va undan ko‘pini tashkil etadigan ularning yirik bitimlari va affillangan shaxs bilan bitimlari shartlarini o‘rganadilar.  Bunda baholash tashkiloti tomonidan aniqlangan mol-mulkning bozor qiymati inobatga olinadi. Auditsiz bunday bitimlarni tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilish mumkin emas. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli qo‘shimchalar 23 yanvardan kuchga kirdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top