09:55 / 03.02.2020
1
13009

Hukumatning parlamentdagi vakolatli vakili tayinlandi

Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili tayinlandi. 

Foto: KUN.UZ

Hukumat qarori bilan Ma'rufjon Mamatojiyevich Tojiboyev Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili etib tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 28 sentyabrdagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisdagi vakolatli vakili lavozimi joriy etilgan edi. 

Qarorga ko‘ra, vakolatli vakil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy bo‘linmalari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida ko‘rib chiqiladigan qonunlar va boshqa hujjat loyihalarini tayyorlashda o‘zaro yaqin hamkorligini ta'minlash, ularni Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatida ko‘rib chiqish, kelishish va axborot berish jarayonlarida ishtirok etishi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida qonunlar loyihalari, boshqa masalalarni muhokama etish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida qonun loyihalarini (qonunlarni) ko‘rib chiqishda ishtirok etadigan Hukumat vakillari tarkibini shakllantirishda ishtirok etishi belgilangan.

Bundan oldin, Hukumatning parlamentdagi vakili hozirgacha tayinlanmagani aytilgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top