17:48 / 03.02.2020
0
12355

Mbappe Tuxel bilan mojaro qildi. U yozda «Real»ga ketmoqchimi?

«PSJ» hujumchisi shanba kuni jamoa bosh murabbiyi Tomas Tuxel bilan ro‘y bergan ziddiyatli voqea ortidan instagramda Karim Benzemaning Madrid derbisida «Atletiko» darvozasiga urgan goli tasvirlangan videoga «layk» bosdi.

Bu orqali Kilian Mbappe yana bir marta «Real»ga ketmoqchiligiga ishora qilayotgani haqida taxminlar paydo bo‘lmoqda. Parij klubi fanatlarini uning bu harakati g‘azablantirmoqda.

Fransuz futbolchi shanba kuni «Monpele»ga qarshi o‘yin vaqtida ro‘y bergan voqeadan keyin gazetalarning muqovalarini egalladi. O‘yinda hisob 5-0 ko‘rinishiga yetgach, 68-daqiqada Tomas Tuxel Mbappeni maydondan oldi va uning o‘rniga Mauro Ikardini tushirdi. Forvard bundan noroziligini ochiq namoyish etdi, murabbiy uni quchoqlab olib vaziyatni tushuntirishga harakat qildi, ammo u murabbiyga jahl qilgan holda zaxira o‘rindig‘iga yo‘l oldi.

O‘yindan keyin Tuxeldan hodisa bo‘yicha izoh so‘rashdi, u futbolchini jazolamoqchi bo‘lmagani, buni tasdiqlash uchun uni quchoqlaganini aytdi.

«Jamoada maydonda kim o‘ynashini va kim maydondan chiqishini men hal qilaman. Kilian aqlli yigit va nima qilishni biladi. U almashtirilishini yoqtirmaydi, umuman, bu hech kimga yoqmaydi. Futbolchilarning bunday reaksiyasi faqat bizdagina emas. Bugun men «Dortmund»da ham shunday holatni ko‘rdim (Hakimi va Roys zaxiraga olinganidan norozi bo‘lishgandi). «Liverpul» va «Man Siti» futbolchilari ham shunday qilishadi.

Lekin bunday qilish yaxshi emas – bu tufayli klub atrofida turli mish-mishlar paydo bo‘ladi va kayfiyat buziladi. Jamoa hamisha Kilianni qo‘llab-quvvatlaydi, chunki u professional va hamisha jamoaga natija keltirish haqida o‘ylaydi. Men g‘azablanganim yo‘q, lekin xafa bo‘ldim, bunday bo‘lmasligi kerak edi.

Men Kilianga vaziyatni tushuntirdim: nega bunday qaror qilganimni. Men hamisha sportcha prinsiplar bilan ishlayman, axir biz tennis o‘ynamaymizku – shuning uchun jamoadoshlarga hurmat ko‘rsatish kerak.

Men hodisani murabbiylar shtabi bilan muhokama qilaman, futbolchilar bilan emas. Men hech qachon o‘yindan keyin futbolchilar bilan gaplashmayman: kimdir intervyu berayotgan bo‘ladi, kimdir doping-testdan o‘tayotgan bo‘ladi, yana kimdir shunchaki dush qabul qilishga ketgan bo‘ladi. Hammani yig‘ish qiyin», degan murabbiy.

Mbappe zaxiraga olinishidan namoyishkorona norozi bo‘lishi – birinchi marta emas. U 7 dekabr kuni ham «Monpele»ga qarshi o‘yinda shunday qilgandi: Kilian gol urgan, murabbiy uni 90-daqiqada almashtirgan – u qovog‘ini solgan holda zaxira o‘rindig‘iga yo‘l olgandi.

Dekabr oyida «Nant»ga qarshi o‘yinda ham shunga o‘xshash holat kuzatilgan – Kilian 78-daqiqada maydondan olingach u tomosha ko‘rsatgandi.

«PSJ» fanatlari murabbiydan emas, futbolchidan norozi bo‘lishmoqda:

«Hech bir futbolchi murabbiy qaroriga e'tiroz bildirmasligi kerak. Uni hoziroq «Real Madrid»ga sotib yuboringlar»

«Takabburlik ko‘p futbolchilar Messi va Ronaldu darajasiga yeta olmasligining sababidir. Mbappe zaxiraga olinganiga shunday qildimi? Nega?!»

«Mbappening Tuxel bilan o‘zini bolalarcha tutish sahnasiga toqat qilib bo‘lmaydi. U yaxshi futbolchi bo‘lgani uchungina buni e'tiborsiz qoldirish kerakmi?»

«Mbappening harakati haddan oshish: u Tuxeldan va jamoadoshlaridan uzr so‘rashi kerak. U hali 20 yoshda – har daqiqani qadrlash kerak, yo‘qsa uni Balotellining yo‘li kutadi»

«PSJ»ning boshqa bir futbolchisi Anxel Di Mariya yosh futbolchining harakatlarini qoraladi.

«Hech kim maydondan chiqishni istamaydi, bu normal holat. Kilian yana gol urishni istadi. Lekin zaxira o‘rindig‘ida ham maydonga chiqib o‘ynashni istaydigan yigitlar bor, buni to‘g‘ri tushunish kerak», dedi u.

Xuddi shu vaqtda Mundo Deportivo nashri «Qirollik klubi» yozda 21 yoshli fransuzni asosiy transfer nishoni etib belgilagani haqida xabar tarqatdi.

Qayd etish kerakki, Mbappening nomi tez-tez «Real» bilan bog‘lab turiladi va har safar shunga o‘xshash voqea ro‘y berganida «olovga moy quyiladi».

Mbappe 2017 yildan buyon «PSJ» safida to‘p surib kelmoqda. U parijliklar bilan ikki marta Fransiya chempioni bo‘lishga erishgan.

Joriy mavsumda Mbappe «PSJ» safida barcha turnirlar doirasida 25 o‘yinda maydonga tushib, 18 gol urgan hamda 3 golga uzatma bergan.

Uning «PSJ» bilan shartnomasi 2022 yil yoziga qadar amalda bo‘ladi. Transfermarkt.de portali futbolchining transfer qiymatini 200 million yevroga baholagan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top