13:10 / 03.02.2020
5
22011

Pompeo: AQSh Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqmoqda

AQSh Davlat kotibi prezident Shavkat Mirziyoyevning oliy darajadagi tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etgani, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyatini isloh qilish, majburiy mehnatga barham berish, so‘z va diniy erkinlik sohalarida ijobiy natijalarga erishilganini qayd etdi va buni qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Foto: @SecPompeo/Twitter

AQSh O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun bir million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvdan keyin aytib o‘tdi.

«Bugungi muloqot yakuni bo‘yicha aytishim mumkinki, hamkorligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi. Istagimiz O‘zbekistondagi islohotlar jarayoniga Amerika biznesi vakillari ham munosib hissasini qo‘shsin, yangi ish o‘rinlari yaratilsin. Biz O‘zbekistonda moliya va soliq tizimida davom etayotgan islohotlarga texnik yordam ko‘rsatishga tayyormiz. Uchrashuvda xavfsizlik masalalari ham muhokama qilindi. Bu o‘rinda O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha sa'y-harakatlarini olqishlaymiz», deya qayd etdi Maykl Pompeo.

AQSh Davlat kotibi AQSh O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun bir million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishini ma'lum qildi.

U AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatining mintaqa bo‘yicha sa'y-harakatlariga ham to‘xtaldi. Uning bildirishicha, AQSh Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqqan.

«Ayni paytda Toshkentda o‘tadigan «Markaziy Osiyo – AQSh» shaklidagi vazirlar uchrashuvini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. Hamkorlikning ushbu shakli terrorizmga qarshi kurashish, mintaqaviy, energetik muammolarni hal qilish imkonini beradi», dedi Pompeo.

O‘z navbatida, Maykl Pompeo Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslarini alohida qayd etdi.

«O‘zbekiston qo‘shni mamlakat sifatida Afg‘onistonda tinchlikka erishish bo‘yicha izchil sa'y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Biz buni yuqori baholaymiz», degan u.

Bugun kunning ikkinchi yarmida «Markaziy Osiyo – AQSh» («C5+1») shaklidagi vazirlar uchrashuvini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top