02:09 / 04.02.2020
0
7742
BlackBerry brendi yopilishi e'lon qilindi 
Foto: Reuters

TCL Communications kompaniyasi BlackBerry brendining yopilishini e'lon qildi. Ushbu brend ostida ishlab chiqariluvchi smartfonlar savdosi kuzda to‘xtatiladi. 

Bu haqda tvitterdagi BlackBerry Mobile sahifasida ma'lum qilindi. BlackBerry qurilmalari 31 avgustdan keyin sotilishi to‘xtatiladi. Bioq kompaniya BlackBerry foydalanuvchilarini 2022 yil 31 avgustigacha qo‘llab-quvvatlab turadi.

O‘z vaqtida BlackBerry mobil telefonlari mashhur bo‘lgan. Buning isboti sifatida AQShda ishlangan ko‘plab filmlar qahramonlarining Kanada kompaniyasining ushbu qurilmalaridan foydalanishini ko‘rish mumkin.

Biroq zamon o‘zgarib, BlackBerry eski texnologiyalari sababli bozorni qo‘ldan boy berdi. Natijada kompaniya smartfonlar ishlab chiqarishni to‘xtatgan, biroq brend saqlanib qolgan.

2016 yilda Xitoyning TCL kompaniyasi brendni smartfonlar bozorida qo‘llash huquqini sotib olgan va unga ikkinchi hayot bergan. Biroq afsonaviy nom va bir qator o‘ziga xos qurilmalar yaratilganiga qaramay, BlackBerry smartfonlari ommalashmagan. 

BlackBerry telefonlarining o‘ziga xos jihatlari biznesga mo‘ljallangani, shaxsiy ma'lumotlarning himoyalanganligi va QWERTY-klaviaturaga egaligi hisoblanadi. Ushbu markadagi ilk telefon 1997 yilda Research In Motion kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

O‘z vaqtida AQShning 44-prezidenti Barak Obama BlackBerry qurilmalaridan foydalangan. 2013 yil mayida esa AQSh mudofaa vazirligi bu markadagi smartfonlarni o‘z xodimlari orasida qo‘llanishiga rozilik bergan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top