13:43 / 04.02.2020
0
43468
Epidemiya ko‘lami. Koronavirusdan zararlanganlar soni o‘n barobar ko‘proq bo‘lishi mumkin

Yangi 2019-nCoV koronavirusi epidemiyasining haqiqiy ko‘lami rasmiy ma'lumotlarda keltirilayotganidan ko‘proq bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirishmoqda olimlar. Xitoyda ushbu koronavirus keltirib chiqargan pnevmoniya bilan kasallanganlar soni bir kunda 3235 nafarga oshib, 20438 kishiga yetdi. Virus 425 kishini hayotdan olib ketdi. Bir kun avval kasallanganlar soni 17205 nafar, vafot etganlar soni 361 nafar edi. 3 fevral kuni halok bo‘lganlar soni 57 kishiga oshgandi. 4 fevral kuni yangi rekord o‘rnatildi - 64.

Foto: BSIP

Hongkong universitetidagi tadqiqotchilar 25 yanvar kuniyoq Uxanda virusdan zararlanganlar soni 75 ming kishidan ortiq bo‘lishi kerakligi haqida aytishgandi - o‘sha kuni Xitoy rasmiylari butun dunyo bo‘ylab virusdan zararlanganlar soni 2000 nafar atrofida ekanini ma'lum qilishgandi.

GETTY IMAGES

Lancet tibbiyot jurnalida chiqish qilgan tadqiqot mualliflarining tasdiqlashicha, koronavirus epidemiyasi tarqalishi kutilganidan tezroq sur'atlarda tarqalmoqda.

Ularning ma'lumotiga ko‘ra, 2019-nCoV koronavirusi tashuvchisining har biri o‘rtacha 2-3 kishini zararlamoqda, kasallanganlarning umumiy soni esa geometrik progressiyada ko‘paymoqda va bir haftada ikki barobar ko‘paydi.

JSST keltirayotgan rasmiy raqamlar esa kamtar ko‘rinishda: 3 fevral kuni holatiga ko‘ra, virusni yuqtirganlar soni 18 mingga yaqin deb ko‘rsatilgan (4 fevral kuni bu raqam 20438 nafarga yetdi). Ularning 99 foizi Xitoyning materik qismida ro‘yxatga olingan.

Virusdan zararlanganlarning umumiy soni so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra - 426 nafarni, sog‘ayganlar soni - 644 nafarni tashkil etmoqda.

Ichki aviareyslar va temir yo‘l tashuvlari statistikasini tahlil qilgan hongkonglik olimlar kelgan xulosaga ko‘ra, 25 yanvar kunidayoq mingga yaqin koronavirus tashuvchi infeksiyani Uxandan boshqa shaharlarga - birinchi navbatda Chunsin, Pekin, Shanxay, Guanchjou va Shenchjenga olib borgan.

Olimlarning ogohlantirishicha, agar virus bu shaharlarda ham shu tezlikda tarqalgan bo‘lsa, «epidemiya tez orada Xitoyning yirik shaharlarini qamrab oladi», koronavirus inkubatsiyasi davri 1-2 haftani tashkil etadi, 14 kungacha u o‘zini bildirmasligi mumkin.

Ularning ma'lumotlari JSSTning so‘nggi statistika ma'lumotlariga mos keladi, kasallanganlar soni kundan kunga tezroq o‘smoqda.

Virusni yuqtirish holatlari o‘sishi, Xitoyda va undan tashqaridagi hududlar bo‘yicha (3 fevral ma'lumoti)

Shanba kuni 2128 kishi infeksiyaga chalingani aniqlandi, yakshanba kuni - 2604, dushanba kuni - 2838, seshanba kuni 3235 kishi.

O‘tgan haftada Amerikadagi Bianco Research tadqiqot markazi ham 16-27 yanvar kunlarida koronavirus tarqalishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar asosida shunga o‘xshash prognozlar bergandi.

Virus tarqalishi o‘sishi (30 yanvar ma'lumoti)

Infeksiyaning yangi o‘choqlari

30 yanvar kuni JSST koronavirus tarqalishini jahon miqyosidagi favqulodda holat sifatida e'lon qildi, ammo davlatlar o‘rtasida savdo aloqalari yoki odamlarning harakatlanishiga cheklovlar o‘rnatishni tavsiya qilmadi.

Tadqiqotchilarning fikricha, ular keltirayotgan raqamlar va rasmiy hisob-kitoblar o‘rtasidagi katta farqni bir necha omil bilan izohlash mumkin.

Birinchi navbatda bu uzoq vaqt davom etuvchi inkubatsiya davridir (ikki haftagacha), virus bilan zararlangan odamda bu vaqt mobaynida hech qanday simptomlar bilinmaydi, ammo u boshqalarga virusni yuqtirishda davom etadi.

GETTY IMAGES

Bundan tashqari, bemor shifokorga murojaat qilganidan keyin ham unda virus borligini tasdiqlash uchun bir necha kun davomida laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.

Tadqiqotchilarning ogohlantirishicha, buning natijasida, Pekin, Shanxay va boshqa yirik shaharlar virus tarqalishining yangi o‘choqlariga aylanishi mumkin.

Boshqa tomondan, olimlarning hisoblari to‘g‘ri bo‘lsa, 2019-nCoV koronavirusi aytilayotganidek ko‘p o‘limga sabab bo‘lmaydi, virusdan zararlanganlar orasida o‘lim 1 foiz atrofida bo‘lmoqda.

2019-nCoV koronavirusi ko‘rinishi Foto: Reuters

Taqqoslash uchun: 2003 yilda atipik pnevmoniya (SARS) epidemiyasi vaqtida virusdan zararlanganlar orasida o‘lim ko‘rsatkichi 9 foiz atrofida bo‘lgandi. 2012 yilda tarqalgan Yaqin Sharq respirator koronavirusi sindromi (MERS) tarqalishi tufayli esa har uchinchi bemor halok bo‘lgandi.

Mavzu
Xitoy koronavirusi
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top